«Navbahor» - «Paxtakor». O‘zaro uchrashuvlar statistikasi
Superliga 30-turida "Paxtakor" Namanganda "Navbahor"ga qarshi maydonga tushadi va mavsumni yakunlaydi.
Hozirgacha jamoalar chempionatlarda 69 bor to‘qnash kelishgan. O‘zaro o‘yinlarda ustunlik ochiq-oydin "Sherlar" tomonida. 42 bahsda g‘alaba qozongan "Paxtakor" 13 marta durang o‘ynagan va 14 marta imkoniyatni boy bergan. "Navbahor" darvozasiga 113 ta gol urilgan, 56 ta to‘p o‘tkazib yuborilgan. 9 o‘yinda "Sherlar" yirik hisobda g‘alaba qozonishgan. Hozirgacha Namanganda o‘tkazilgan 34 uchrashuvning 14 tasida jamoamiz g‘alaba qozongan bo‘lsa, 7 o‘yin durang bilan tugagan. Qolgan 13 bahsda raqib g‘alabasiga guvoh bo‘lindi. Namanganda "Paxtakor" 41 ta gol urib, 36 ta to‘p o‘tkazib yuborgan.
Ushbu jamoalarning o‘zaro o‘yinlari tarixida qayd etilgan eng yirik hisob – 7:0. Bu natija 2009 yilda Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvda qayd etilib, unda “Paxtakor” g‘alaba qozongan.
“Navbahor” va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 29 noyabr, shanba kuni 15:00da Namangandagi "Markaziy" stadionda boshlanadi.