locale OZ

«Navbahor» avgust oyidan boshlab Namangandagi “Markaziy” stadioniga qaytadi

Bungacha Kapadze shogirdlari uy o‘yinlarini Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida o‘tkazib kelayotgan edi.
“Navbahor” avgust oyidan boshlab Namangandagi “Markaziy” stadioniga qaytadi
Фото: Навбаҳор ПФК

Namangandagi “Markaziy” stadionni Superliga talablariga moslashtirish ishlari nihoyasiga yetdi. Endilikda “Navbahor” avgust oyidan boshlab uy uchrashuvlarini o‘z shahrida o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bungacha Temur Kapadze shogirdlari uy o‘yinlarini Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida o‘tkazib kelayotgan edi. Mavsum boshidan buyon “Navbahor” Superliga doirasidagi besh uchrashuvni “Olimpiya”da o‘tkazib, umumiy hisobda 7 ochko jamg‘arishga erishdi. Ushbu stadiondagi oltinchi o‘yin 23 iyul kuni “Qizilqum”ga qarshi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

4 iyul kuni Liga mutaxassislari Namanganda bo‘lib, stadionda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha ishlarni belgilab bergandi. 20 iyul kuni “Markaziy” stadion qayta monitoringdan o‘tkazildi va u rasmiy o‘yinlarni qabul qilish uchun tayyor, deb topildi. Shundan kelib chiqib, 2 avgust sanasiga rejalashtirilgan “Navbahor” — “Xorazm” o‘yini bilan namanganliklar o‘z stadioniga qaytish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda “Markaziy” stadionda kabellashtirish ishlari davom etmoqda. Tez orada Namangandagi stadion ushbu masalada vodiyda “Istiqlol” stadionidan keyin kabellashtirilgan ikkinchi stadionga aylanishi kutilmoqda.

Izoh. “Markaziy” stadion chimlari to‘liq yangilangan. Biroq iqlim sharoitidan kelib chiqib, unda sentyabr oyining oxirigacha, ya’ni maysa o‘zini to‘liq tiklab olguniga qadar ayrim muammolar ko‘zga tashlanishi mumkin. Bunday holat avvalroq “Bobur Arena” stadionining chimida ham kuzatilgan bo‘lib, keyinchalik issiq havo massasi chekinishi va muntazam parvarish natijasida maysa o‘zini to‘liq tiklab olgan edi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting