«Nasaf»ning OFK Elit chempionlar ligasi 3-turidagi raqibi haqida
21-oktabr kuni "Nasaf" klubi OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasining 3-turi doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining "Shabab Al-Ahli" jamoasi bilan kuch sinashadi.
Keling, ushbu jamoa haqida biroz to‘xtalamiz.
Shabab Al-Ahli jamoasi 8 yillik tarixga ega. Klub 2017-yili Birlashgan Arab Amirliklari futbolidagi eng nomdor klublar – Al-Shabab va Al-Ahli, shuningdek, Dubay SK klublarining birlashuvidan tashkil topgan.
Jamoaga muxlislar tomonidan "The Red Knights" (qizil ritsarlar) degan nom berilgan.
Shabab Al-Ahli o‘z uy uchrashuvlarini Dubay shahridagi Rashid stadionida o‘tkazadi. Ushbu maydon 8 mingdan ziyod muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
Jamoa Birlashgan Arab Amirliklari chempionatining 2 karra g‘olibi, 3 karra Prezident kubogi sohibi va yana 3 karra mamlakat Superkubogi egasi hisoblanadi.
Shabab Al-Ahli shu vaqtgacha Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan rasmiy musobaqalarda 35 ta o‘yin o‘tkazgan. 13 ta o‘yinda g‘alaba qozongan, 7 ta o‘yin dubayliklarning mag‘lubiyati bilan yakunlangan. 11 ta bahsda esa durang natija qayd etilgan.
Jamoani ayni paytda 55 yoshli portugaliyalik mutaxassis Paulo Sousa boshqarmoqda. Ushbu mutaxassis o‘z vaqtida QPR, Swansea City, Leicester City kabi APL klublarida, shuningdek, Salernitana va Fiorentina kabi A Seriya klublarida faoliyat olib borgan.
Uning boshqaruvida Isroilning Makkabi Tel-Aviv jamoasi va Shveytsariyaning Bazel klublari o‘z mamlakatlari Oliy ligasida chempionlikni qo‘lga kiritgan. Birlashgan Arab Amirliklari chempionatida o‘tgan mavsum Shabab Al-Ahli klubi aynan Sousa qo‘l ostida chempionlikka erishgan.
Jamoa tarkibida ayni vaqt Valensiya sobiq futbolchisi Federiko Kartabiya, Sevilya jamoasi hujumchisi Munas Dabbur, Roma jamoasi sobiq aʼzosi Sardor Azmun va Eron terma jamoasining asosiy futbolchilaridan biri Said Izzatullahi kabi Yevropa va Osiyo futbolida nom qozongan futbolchilar to‘p surmoqda.
Ushbu klub O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari uchun ham begona emas. Yaqin yillar mobaynida Shabab Al-Ahli safida Odil Hamrobekov, Jaloliddin Masharipov, Aziz Gʻaniyev kabi O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari faoliyat olib bordilar.
Eslatib o‘tamiz, OFK Elit chempionlar ligasi 3-turidan o‘rin olgan Shabab Al-Ahli — Nasaf o‘yini 21-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.