«Nasaf»ning OFK Elit chempionlar ligasi 1-turidagi raqibi haqida
Bugun "Nasaf" klubi OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasidagi yurishini boshlaydi. Qarshiliklar dastlabki turda Jidda shahrida, musobaqaning amaldagi chempioni "Al-Ahli" klubiga qarshi maydonga tushadi.
Keling, ushbu jamoa haqida biroz to‘xtalamiz.
"Al-Ahli" klubi 88 yillik tarixga ega jamoa hisoblanadi. Klub 1937-yilda tashkil topgan.
Jamoaga muxlislar tomonidan "Al Malaki" (ya’ni, qirollar) va "Nadi Al Umam" (ya’ni, xalq jamoasi) kabi nomlar berilgan.
"Al-Ahli" jamoasi o‘z uy uchrashuvlarini Jidda shahrida joylashgan Qirol Abdulloh stadionida o‘tkazadi. Ushbu maydon 62 mingdan ziyod tomoshabinni sig‘dira oladi.
"Nasaf"ning OFK Elit chempionlar ligasi 1-turidagi raqibi haqida
Jamoa Saudiya Arabistoni Professional ligasining 9 karra chempioni, 8 karra Qirol kubogi sohibi va yana 2 karra Saudiya Arabistoni Superkubogi g‘olibi sanaladi.
Jamoa shu vaqtgacha Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan rasmiy musobaqalarda 120 ta o‘yin o‘tkazgan. 61 ta o‘yinda g‘alaba qozongan, 30 ta bahsda mag‘lub bo‘lgan. 28 ta bahsda durang natija qayd etilgan.
"Nasaf"ning OFK Elit chempionlar ligasi 1-turidagi raqibi haqida
"Al-Ahli" OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasining amaldagi g‘olibi hisoblanadi. Jamoa o‘tgan yilgi finalda Yaponiyaning "Kawasaki Frontale" klubini 2:0 hisobida mag‘lub etgan holda, o‘z tarixida ilk bor Osiyo chempionligiga erishdi.
Jamoani ayni paytda germaniyalik 37 yoshli mutaxassis Matias Jaissle boshqarmoqda. Avstriyaning "Salzburg" klubidagi faoliyati bilan ko‘pchilikka tanish bo‘lgan ushbu murabbiy 2023-yilning 28-iyulidan buyon "Al-Ahli" klubiga ustozlik qilmoqda.
"Al-Ahli" jamoasi tarkibida hozirda "Chelsea" klubi sobiq darvozaboni Eduard Mendi, "Roma" klubi sobiq himoyachisi Roger Ibanez, "Barcelona" klubi sobiq a’zosi Frank Kessie, "Brentford" klubi sobiq hujumchisi Ayvon Toni va o‘z vaqtida Angliya Premer-ligasida yil futbolchisi deb topilgan Riyod Mahrez kabi futbolchilar faoliyat olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, OFK Elit chempionlar ligasi 1-turidan o‘rin olgan "Al-Ahli" – "Nasaf" o‘yini 15-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan 23:15 da start oladi.