«MYU» Semenyu uchun qancha toʻplamoqchi ekanligi maʼlum boʻldi
«Manchester Yunayted» yozgi transferlar oldidan keng ko‘lamli kampaniyaga hozirlik ko‘rayotgan bo‘lsa-da, vaziyat taqozo etsa, klub «Bornmut»ning qanot hujumchisi Antuan Semenyu bo‘yicha shartnomada ko‘zda tutilgan sotib olish opsiyasini allaqachon qishdayoq ishga tushirishi mumkin. Bu haqda The Independent nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, mankunianliklar 25 yoshli futbolchi uchun 65 million funt sterling (taxminan 74,1 million yevro) to‘lashga tayyor. Semenyuga «Tottenhem», «Liverpul» va «Manchester Siti» klublari ham qiziqish bildirmoqda. Shunga qaramay, «qizil iblislar» ganalik hujumchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun yetarlicha imkoniyatga ega ekaniga ishonmoqda.
Joriy mavsumda Antuan Semenyu barcha musobaqalarda 16 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Futbolchining «Bornmut» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Semenyuning bozor qiymati 65 million yevroni tashkil etadi.