Mirko Yelicich: «Ular to‘p bilan bo‘lganida istalgan holatga tez moslashishadi»
Pro-liganing 20-turida "Aral" va "Lokomotiv" uchrashuvidan so‘ng "Lokomotiv" bosh murabbiyi Mirko Yelicich matbuot anjumanida qatnashdi.
Avvalo, "Aral" jamoasiga kurash uchun rahmat aytmoqchiman. Ular bilan barcha o‘yinlarimiz og‘ir o‘tdi. Mavsum boshidagi matbuot anjumanida ham aytgandim, bu maydonda futbol o‘ynash qiyin. Biz vaziyatga qarab, tajribaga tayanishni ma’qul ko‘rdik. Ular to‘p bilan bo‘lganida istalgan holatga tez moslashishadi. Eng asosiysi, natijaga erisha oldik. Lekin biz bunday futbol o‘ynashni maqsad qilmaymiz. Bu bizga hech qachon kerak emas.
- 6 jamoa ishtirok etayotgan Pro-liganing ushbu mavsumi haqida nima deya olasiz?
- Ha, holat unchalik ham optimal emas. Oldin bir ligada 6 ta jamoa o‘ynaganini eshitmaganman. Bir jamoa bir raqib bilan to‘rt marta o‘ynashi kerak. Umid qilamanki, bu o‘zgaradi va vaziyat yaxshilanadi. PFL endi boshqacha yo‘l tutsa kerak. Albatta, bu qanday bo‘lishini biz bilmaymiz. Mavsum biz uchun og‘ir o‘tdi, har bir o‘yinda qiynaldik. Bir raqib bilan ko‘p o‘ynagandan so‘ng, ularni yaxshiroq o‘rganib olasan. Yaxshi tomoni, mavsum tugadi va hammasi ortda qoldi.
- "Aral" jamoasidan nimalar kutgandingiz va bular qanchalik amalga oshdi?
- Bu o‘yin og‘ir bo‘lishini bilardik. "Aral" bu yerda maksimal bosim qilishga harakat qiladi. Barcha futbolchilar o‘yinga to‘liq tayyor bo‘lishadi. Shu sabab ko‘p narsani o‘zgartirishning iloji yo‘q. Bugun mag‘lub bo‘lgan bo‘lsak-da, bu natija biz uchun yetarli bo‘ldi. Bugun ular odatdagidan boshqacharoq o‘yin ko‘rsatishdi. Bu o‘yinga qadar bo‘lgan ruhiy holat bilan bog‘liq. Shu bois, xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham boshqacha harakat qilishga to‘g‘ri keladi. Lekin siz qancha reja qilsangiz ham, bu stadionda kutganingizdek o‘ynay olmaysiz.