locale OZ

Mirko Yelichich: «Durang ikkala jamoa uchun ham adolatli natija bo‘ldi»

"Lokomotiv" bosh murabbiyi "Paxtakor"ga qarshi o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Mirko Yelichich: «Durang ikkala jamoa uchun ham adolatli natija bo‘ldi»
Фото: Локомотив ПФК

"Lokomotiv" bosh murabbiyi Mirko Yelichich "Paxtakor"ga qarshi o‘yindan so‘ng o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

— Ikki oylik tanaffusdan keyin futbolga qaytish yoqimli. Albatta, "Paxtakor"ga qarshi og‘ir o‘yin bo‘lishini bilardik. Ikkala jamoa ham juda qiyin bo‘lgan ob-havoda futbol o‘ynashdi va yaxshi kurashishdi, bor kuchlarini berishdi. Bizda bir qancha yaxshi, sifatli vaziyatlar bo‘ldi. Uzoq muddatli tanaffusdan keyingi ilk o‘yinimizdan mamnunman. Jamoani rivojlantirish yo‘llarini izlaymiz.

— "Lokomotiv" matbuot xizmati ushbu o‘yinda jamoaning ikki ochko yo‘qotganini yozdi. Sizningcha, jamoa ikki ochko yo‘qotdimi?
— "Paxtakor"da ham bir qancha yaxshi vaziyatlar bo‘ldi. Agarda ikkala jamoadan biri yutishi kerak bo‘lsa, o‘yin oxirlarida bizda ko‘proq imkoniyatlar yuzaga keldi, biroq ulardan foydalana olmadik. Agar butun bir o‘yinni inobatga olsak, durang ikkala jamoa uchun ham adolatli natija bo‘ldi.

— Muxriddin Zoirov, Islombek Baratov va Lazizbek Mirzayev jamoani tark etishdi. Bu haqida nima deya olasiz?
— Istalgan futbolchidan ajralish oson emas. Ularning barchasi ikkinchi davrada ko‘proq o‘ynashlari kerak edi. Istalgan futbolchi yarim mavsum zaxirada o‘tirsa, o‘zi uchun yangi jamoa izlaydi. "Lokomotiv"da ham, boshqa jamoalarda ham bunday holatlar bo‘ladi. Chunki jamoada barcha futbolchilarga imkoniyat berish juda qiyin. Hozirgi futbol sharoitida o‘ynash qiyin, agar ular jamoada qolganida yana ko‘proq zaxirada o‘tirib qolishlari mumkin edi. Futbolchilar esa o‘zlari uchun jamoa izlab, to‘p surishlari kerak.

— Faoliyatini yakunlaydi deb aytilgan Anzur Ismoilov mavsum yakunigacha jamoada qoldi.
— Bu barcha narsa Anzurning o‘ziga bog‘liq emasdi. U yoqimli inson, juda tajribali. Uning tarkibda bo‘lishi jamoa uchun ham foydali. Endi u hayotida yangi sahifani ochmoqda va boshqa ishlar bilan shug‘ullanmoqda. U bilan o‘zaro kelishuvimiz bor: imkoniyati yetgancha, qo‘lidan kelganicha bizga yordam berishi kerak. Biroq uning boshqa ishlar bilan band bo‘lishini ham to‘g‘ri tushunamiz.

— Abdulloh Yo‘ldoshev avvalgi o‘yinlarda o‘ng qanot himoyasida o‘ynayotgan edi. Bugun esa markaziy himoyada ko‘rinish berdi. Bu davomiy bo‘ladimi yoki u hali o‘ng qanotga qaytadimi?
— U bir nechta pozitsiyada o‘ynay oladi. Uni hatto tayanch himoyasida ham o‘ynatganmiz. Markaziy va o‘ng qanot himoyasida ham o‘ynay oladi. U haqiqiy atlet — tezligi bor, elastik futbolchi. Odatda futbolchi doim o‘ziga eng qulay pozitsiyani tanlaydi. Abdullohda esa unday emas. Shuningdek, Aleksandr Kucherenko belidan noqulaylik sezdi. Bunday holatda uning o‘rnini yopib bera oladigan futbolchi borligi bizni quvontirdi. Anzur Ismoilov esa biz bilan ko‘p mashg‘ulot qilmagan. Shu sababli uni markaziy himoyaga qo‘ya olmadim.

— Jasur Yaxshiboyevning o‘yiniga qanday baho berasiz?
— Uning jamoaga qo‘shilganiga ko‘p bo‘lmadi. Uzoq vaqt futbol o‘ynamadi. Bizning futbolga va jismoniy holatiga moslashishi uchun biroz vaqt kerak. Barcha muxlislar uning qanday sifatga ega ekanini biladi. Hujumda birga-bir vaziyatlarda raqibni aldab o‘ta oladi. Lekin futbol faqat shundan iborat emas. Ikkinchi davrada u jamoamizga katta yordam bera olishiga ishonaman. Qancha darajada yordam bera olishi esa uning o‘ziga bog‘liq.

— Jarohat olgan Suhrob Nurullayevning holati qanday?
— Yaxshi. Bugun u issiq havoda ko‘p harakat qildi. Uning mushaklarida jarohat bor. U keyingi o‘yinga tayyor bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting