Mirko Yelichich: «Bugun “Dinamo” bizdan yaxshiroq o‘ynadi»
“Lokomotiv” bosh murabbiyi Mirko Yelichich “Dinamo”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etib, bahs, qizil kartochkalar, futbolchilarning jismoniy holati va Jasurbek Yaxshiboev haqida fikr bildirdi.
– Bugungi o‘yin haqida fikrlaringiz?
– Og‘ir o‘yin bo‘ldi. “Dinamo”ga qarshi doim yaxshi o‘yinlar bo‘lgan. Bu jamoa ochiq o‘yin namoyish qilishga tayyor. Biz ham shunday ochiq o‘yin ko‘rsatadigan jamoamiz. Bu kabi o‘yinlar ham bo‘lib turadi, bugun raqib bizdan yaxshiroq o‘ynadi. Yaxshi o‘yin ko‘rsata turib, 3 ochkoni boshqasi olishi, albatta, yoqimli emas. Chiroyli o‘yin ko‘rsatgani uchun raqiblarni tabriklayman. Biz esa oldinga intilishda davom etamiz.
– O‘tgan o‘yinda Aleksey Kozlovning qizil kartochkasidan keyin rejalar o‘zgardimi?
– Bu haqida gapirish juda qiyin. Nikita Shevchenko bunday o‘yinlarda o‘ynamagan va, albatta, bosimni his qilishi tabiiy. O‘yinni xato bilan boshlagandan keyin u o‘ziga kelishi qiyin bo‘ldi.
– Kozlov sportga xos bo‘lmagan harakat uchun qizil olgandi. Oldinroq Abdulloh Yo‘ldoshev ham shu kabi janjal qilib, chetlashtirilgandi. Bu sizni xavotirga solmayaptimi?
– Yo‘q. Bu kichik vaziyatlar. Abdulloh bilan bu borada gaplashganmiz va o‘ziga xulosalarni chiqargan. Ammo u o‘tgan o‘yinda o‘tkazib yuborilgan ikkinchi golga aybdor. “Bunyodkor” bilan o‘yindan keyingi holatda esa aybdorlar ko‘p. Kozlov esa reaksiya ko‘rsatdi va bu millisoniyalarda amalga oshdi. Odam bu kabi holatlar orqali o‘ziga dars oladi. Mavsum davomida 15 o‘yinda maydonga tushgan futbolchi uchun ko‘p narsalarni tushuntirish ham shart emas.
– Bugungi o‘yinni Suxrob Nurulloyev o‘ng qanotda zo‘r o‘tkazayotgan edi, chap qanotda esa o‘zini ko‘rsata olmadi.
– Uning qanotidagi raqiblariga qaradik. Bunday holatlarda kimni ko‘proq ishlata olishimizni ko‘rdik. Suxrobga qanday vazifalar berayotgan bo‘lsak, Shodiyorga ham shu vazifalarni bera olardik. Biz to‘p bilan bir chiziqda bo‘lishimiz kerak edi. Ular bu vazifalarni bajarishdi. Jaloliddin Jumaboyev baquvvat himoyachi va ayrim vaziyatlarda o‘zining texnikasini ham namoyish qila oladi. Suxrobni unga yaqinlashtirish orqali vaziyatni nazorat qildik. Menimcha, yomon bo‘lmadi.
– Vadim Abramov o‘tgan turdan keyin “Lokomotiv” biz bilan o‘yin oldidan ikki kun ko‘proq dam olishini aytgandi. Bu jamoaga qanchalik yordam berdi? Jamoaning charchab qolishi faqat menejerlik o‘yinlaridami?
– Buni endi sun’iy intellekt nazorat qilmoqda. Bunday narsalarga endi savol berish shart emas. Agar taqvimda kun ora o‘yin qo‘yib berilsa ham o‘ynashga majburmiz. Endi taqvim tuzishni biz nazorat qila olmaymiz. Taqvimga qarab mashg‘ulot jarayonini tuzamiz.
– Jasurbek Yaxshiboev “Lokomotiv”da o‘zining eski holatiga qayta oladimi?
– Uning juda zo‘r imkoniyatlari bor. Lekin ayrim o‘yinlar bo‘ladiki, sendagi shu sifatlar kerak bo‘lmasligi mumkin. Unda jarohat bor edi va 12 kunlik davolanishdan so‘ng kechagina mashg‘ulotlarga qaytdi. Endi biz uni tarkibga jalb qilish ishlarini boshlaganmiz. Keyingi o‘yinlarda u jamoamizga yordam bera oladi.
Shunchaki, bugun uning o‘yini bo‘lmadi. Ba’zida bir davlat jamoasidan boshqa davlat jamoasiga o‘tsang, jismoniy holat boshqacha bo‘lishi mumkin. Hozir uning jismoniy holati yaxshi. O‘yinga tushib, hujumda ham, himoyada ham foyda keltira oladi.
O‘z vaqtida Masharipov, Sardor Rashidov bilan ham shunday bo‘lgan. O‘yinning borishiga qarab zaxiradan ham maydonga tushirilmagan. Biz o‘shanda to‘psiz o‘ynashga majbur edik. Biz uning sifatidan to‘g‘ri foydalanishga harakat qilamiz. Shunchaki, bugun biz himoyada o‘ynadik va bugun uning o‘yini emasdi.