locale OZ

Mirko Yelichich: «95 daqiqa davomida futbol o'ynab, ikkita standart vaziyatda oddiy gol o'tkazib yuborish alamli»

"Lokomotiv" derbida mag'lub bo'ldi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Mirko Yelichich: «95 daqiqa davomida futbol o'ynab, ikkita standart vaziyatda oddiy gol o'tkazib yuborish alamli»
Фото: Локомотив ПФК

"Lokomotiv" bosh murabbiyi Mirko Yelichich Superliganing 5-turi doirasida bo'lib o'tgan "Bunyodkor"ga qarshi o'yin haqida o'z fikrini bildirdi.

— Futbol — adolatsiz o'yin. 95 daqiqa davomida futbol o'ynab, ikkita standart vaziyatda oddiy gol o'tkazib yuborish judayam alamli. Jamoam maydonda namoyish etgan o'yin menga yoqdi. Raqibni uch ochko bilan tabriklayman. Bugun raqibimizning uslubi ish berdi.

— "Lokomotiv" ketma-ket ikkinchi mag'lubiyatga uchradi. Jamoaning mavsumning dastlabki uch turida qayd etgan natijasi tasodif edi, "Lokomotiv" endi o'zining haqiqiy o'rniga qaytdi degan fikrlarga qanchalik qo'shilasiz?

— Biz chempionatdagi har qanday raqibni mag'lub eta olamiz. Shuningdek, har bir raqib ham bizni yengish ehtimoli yo'q emas. Bizning maqsadimiz va yo'limiz boshqacha. Biz har bir o'yinda qaysi jihatdan kuchliroq bo'lishimiz mumkinligi haqida o'ylab maydonga tushamiz. Menimcha, bugun unchalik yomon o'ynamadik. Futbol shunday o'yin. Ba'zi vaziyatlarda rejalar o'xshamay qoladi. Statistikaga qarasangiz, bugungi o'yin kimning ustunligida o'tganini ko'rasiz va savolingizga javob topa olasiz.

— Navbatdagi 30 kun davomida Superligada 7ta tur o'yinlari o'tkaziladi. Bunday zich taqvim MTJning mundialdan oldingi yig'inlari sababli yuzaga kelmoqda. Demak, Superliga klublari aprel oyi davomida har to'rt kunda o'yin o'tkazadi. Bu o'ziga xos "boxing day" klub uchun qanday noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin? Jarohatlar ko'payib ketishidan qo'rqmaysizmi?

— Aksincha, bu yaxshi. Biz yangi jamoa yig'dik. Tezroq dastlabki 5-6 o'yinimizni o'tkazib olib, maydonda bir-birimizni yaxshiroq tushuna boshlaymiz. Jamoa ancha shakllanib, barqaror bo'lib oladi. Jamoa barqarorlashganidan so'ng tarkibda o'zgarish qilish ham mumkin. Har 4-5 kun ichida o'yin o'tkazish masalasiga kelsak, bu siz o'ylagandek katta muammo emas. Shunchaki boshqacha rejada tayyorgarlik ko'rish kerak. Eng qulay yechim — bu sxemani o'zgartirish. Eng yaxshi progress o'yinda ko'rinadi. Jamoa ikki yoki uch hafta davomida mashg'ulot olib borishi mumkin, ammo maydondagi o'yin bilan tenglasha olmaydi. Eng yaxshi tayyorgarlik — o'yin amaliyoti. Men uchun bu, aksincha, yaxshi yangilik.

— O'tgan mavsumda Pro Liganing eng yaxshi to'purari bo'lgan Muhriddin Zoirov joriy mavsumda juda kam o'yin amaliyotiga ega bo'lmoqda. Zoirov bugun so'nggi daqiqalarda maydonga tushdi va bungacha faqat "Mash'al"ga qarshi o'yinda 12 daqiqa maydonda harakat qilgan edi. Zoirovga imkoniyat berilmayotganining sababi nimada? Men Zoirovdan joriy yilda yana ko'proq gol urishini kutgandim, ammo hozircha maydonga tushayotgani ham yo'q...

— Men birinchi navbatda barqarorlik istayman. Temurxo'ja Abduholiqovning ajoyib formasi Zoirovning zarariga ishlamoqda. Men esa hozirgi holatda eng yaxshi sport formasidagi futbolchini o'ynatishim kerak. Abduholiqovsizlik qanday o'yin qurishimiz haqida ham o'ylashim kerak. Dastlabki 5 turda Abduholiqovdek o'yin namoyish etayotgan futbolchini zaxiraga olish mantiqsiz.

— Birinchi bo'lim oxirida o'tkazib yuborilgan ikkinchi gol jamoangizga qanchalik ta'sir qildi?

— Taym oxirida 1:0 hisobida rozi bo'lib qo'ygandek tuyuldi. Keyin esa gol o'tkazib yubordik. Goldan so'ng kayfiyat o'zgardi. Biz har bir o'yinda o'zimizga qo'ygan maqsadlarimizga erishishga harakat qilamiz. Tablo hisobidan tashqari boshqa maqsadlarimiz ham bor. O'yin sifatini yaxshilash, intensivlikni oshirish. Albatta, natija muhim. Lekin biz uchun natijadan ham muhimroq maqsadlar bor.

— O'zbekiston Kubogining guruh bosqichiga qur'a tashlash marosimi o'tkazildi. "Lokomotiv" joy olgan guruh haqida gapirib o'tsangiz?

— Har bir klub Kubok bahslariga maksimal natijani ko'zlaydi. Pro Liga klubi yoki Birinchi Liga farqi yo'q. Kubok shunday musobaqa — barcha jamoalarda imkoniyatlar teng bo'ladi va har qanday musobaqada g'olib bo'lishga intilishadi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting