Mirko Jelicich: «Bizga uch ochko juda ham kerak edi»
Pro-liganing 12-turida "Lokomotiv" "Olimpik" maydonida 0:2 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan so‘ng "temiryo‘lchilar" bosh murabbiyi Mirko Jelicich va murabbiy Sadriddin Abdullaev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
- Oldindan bu o‘yin qiyin o‘tishini bilardik. Hozir Pro-ligadagi barcha jamoalar yaxshi tayyorgarlik ko‘rishyapti, kayfiyat ham yaxshi. Shu sababli istalgan o‘yin oson kechmaydi, mana bugun ham shunday bo‘ldi. Urilishi kerak bo‘lgan bir qancha vaziyatlar bo‘ldi. "Olimpik" ham harakat qildi va futbol o‘ynashga intildi.
- Bunga qadar "Olimpik"da ishlagansiz. Sobiq jamoangizga qarshi o‘yin haqida.
- Ha, bir tomondan qiyin, bir tomondan bu haqda gapirish kulgili. Chunki yaqindagina shu yerda ishlayotgan edim. Bugun ularning o‘yini menga yoqdi. Jamoada yaxshi murabbiylar ish olib borishyapti. Boshqa jamoada bo‘lib turib, boshqa jamoaga e’tibor qaratish qiyin. Ammo jamoadagi futbolchilar bir-birini qo‘llab-quvvatlashyapti, futbol o‘ynashga harakat qilayotgani menga ma’qul bo‘ldi. Bizga uch ochko juda ham kerak edi. Sobiq jamoam deb qarab o‘tira olmasdim. Lekin yuragimning yarmi "Olimpik"da, yarmi "Lokomotiv"da bo‘ldi. Chunki o‘g‘lim ham "Olimpik"da o‘ynamoqda.
- Jamoga yangi kelgan futbolchilar haqida fikringiz. Mavsumning ikkinchi yarmi oldidan jamoga 6 futbolchi kelib qo‘shildi.
- Barchasini vaqt ko‘rsatadi. Yigitlar bir-birlarini tushunishni boshlashmoqda. Hozircha yomon emas. Moslashuv tugamaguncha, asosiy tarkib uchun kurashish oson bo‘lmaydi. Biroq rivojlanishda davom etish kerak, chunki chempionat davom etmoqda va izlanishda harakat qilamiz. Yangi kelganlar o‘zlarining kuchli tomonlari bilan bizga yordam bera oladi. Yangi futbolchilar ushbu ligada, ushbu jamoda o‘ynagan va shu sababli jamoa sifatida hali o‘sa olishadi.
- Sadriddin Abdullaevga savol: rahbariyatdan asosiy tarkibda ishlash taklifi berilganda birdaniga rozi bo‘ldingizmi?
Sadriddin Abdullaev: - Jamoga Mirko Jelicich kelayotganini bilganim uchun darhol rozi bo‘ldim. Chunki hali o‘sishim, o‘rganishim kerak. Sekin-sekin o‘rganayapmiz, hali o‘rganadiganimiz ko‘p. O‘rganishda davom etamiz va "Lokomotiv"ni o‘z joyiga qaytarishga harakat qilamiz.
- "Lokomotiv"ning U19 jamoasining o‘yin uslubi asosiy tarkibning o‘yin uslubiga o‘xshab ketadi. Bu haqda fikringiz.
- Futbolchiligimda Mirko Jelicichdan ko‘p narsani o‘rganganman, murabbiy sifatida ham. Shunda men ham U19 jamoani Mirkoning o‘yin uslubi kabi moslashtirishga harakat qilganman. Jelicichning nimani talab qilishini, nimalarni istashini bilaman. Balki shu sababli o‘yin uslubi o‘xshab ketadi. Lekin mening hali o‘rganadiganim juda ko‘p. Bir oydan beri birga ishlayapmiz, bilmaganlarim hali juda ko‘p ekan.