locale OZ

Mirjalol Qosimov: «Agar Mustafoyev qizil kartochka olmaganida, vaziyat yanada qiyinlashishi mumkin edi»

Olmaliqliklar ustozi bahs borasida fikr bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Mirjalol Qosimov: “Agar Mustafoyev qizil kartochka olmaganida, vaziyat yanada qiyinlashishi mumkin edi”
Фото: ОКМК

OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Superliganing 9-turi doirasida Samarqandda bo‘lib o‘tgan "Dinamo"ga qarshi o‘yin (2:2) borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

— Asabiy va jangovar o‘yin bo‘ldi. Bizni qiziqarli o‘yin kutayotgan edi. Bir-biriga mos raqiblardan ochiq va tomoshabop o‘yin kutgandik va aynan shunday bo‘ldi. Uchrashuv ilk daqiqalardan oxirigacha keskin ruhda o‘tdi. O‘tgan o‘yindagidek, bugun ham standart vaziyatlardan ikkita oson gol o‘tkazib yubordik. Birinchisi rikoşet orqali, ikkinchisi esa yaxshi ijro qilindi. Agar Mustafoyev qizil kartochka olmaganida, vaziyat yanada qiyinlashishi mumkin edi. Yigitlar o‘zlariga ishonishdi. Balki g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. So‘nggi daqiqalarda Nodir Abdurazzoqovda yaxshi imkoniyat bo‘ldi — agar o‘sha vaziyatdan foydalanganida, g‘alabani olib ketishimiz mumkin edi. Bugun muxlislar uchun ham qiziqarli o‘yin bo‘ldi.

— O‘tkazib yuborilgan gollardan ko‘ra, so‘nggi daqiqalarda ko‘proq asabiylashdingiz...

— Jamoa bilan har kuni yashasangiz, ular bilan birga yashaysiz. Shu bois ehtimol bu holat chetdan boshqacharoq ko‘ringandir. Yigitlar “Buxoro”, “Andijon” kabi jamoalarga qarshi yomon o‘ynamadi. Bugun ham g‘alabaga loyiq edik, ammo nimadir yetishmadi. Shuning uchun har bir o‘yinga alohida tayyorgarlik ko‘rish kerak. Maydonga tushgandan keyin esa vaziyatni o‘zgartirish qiyin.

— Jamoaning o‘tgan mavsumdagi yetakchilari saqlab qolinmadi. Yangi futbolchilarning dastlabki o‘yinlarini qanday baholaysiz?
— Bu futbolning bir qismi. Kimdir keladi, kimdir ketadi. Yangi o‘yinchilarga talab qo‘yiladi, ular vazifani bajarishi kerak. Eng muhimi — jamoada shijoat va harakat bor. Bizga vaqt kerak. Yigitlar yomon o‘ynamayapti. Xato esa barchada bo‘ladi.

— Bugun jamoa ko‘plab qarshi hujumlar uyushtirdi, ammo maydonga moslasha olmagandek...
— Har bir o‘yinga alohida tayyorgarlik kerak. Bu o‘yin endi tarix. Birinchi goldagi rikoşet — noodatiy holat. Tanaffusda darvozabon va himoyachilar maydonga moslasha olmaganini aytdim. Bu ishonchga ham ta’sir qiladi. Mashg‘ulotdan keyin yigitlarga bu stadion uchun temir tishli butsa kiyishni aytgandim. Lekin hammasini bir vaqtda hal qilish qiyin. Ko‘p narsa futbolchining ishtiyoqqa ham bog‘liq.

— “Dinamo” qizil kartochkadan keyin qarshi hujumlarga tayanib o‘ynadi, lekin sizlarda ham imkoniyatlar bo‘ldi...
— Amonov tezkor futbolchi. Tanaffusda raqib ikki hujumchi bilan o‘ynashini, qanotlardan hujum qilishini aytgandim. Ahmadullo Muqimjonovni tushirayotganda ham tushuntirdim. Ammo uning foydali harakatlari kam bo‘ldi. Har bir o‘yinga boshqacha yondashish kerak.

— 2:2 hisobni qanday baholaysiz?
— Har doim ham o‘yinlar bir xil o‘tmaydi.

— Bu ochko yutildimi yoki yo‘qotildimi?
— Yutildi. Mustafoyev qizil olmaganida, boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Ko‘p kuch sarfladik. Oldinda yana o‘yin bor, taqvim zich.

— Raqib haqida fikringiz?
— Yaxshi jamoa, ijrochilari bor.

— Omad ham rol o‘ynadimi?
— Balki, ha. Bir epizod hammasini o‘zgartirishi mumkin. Bu futbol — barchasi dinamikada, xatolar orqali hal bo‘ladi.

— “Dinamo”ning ikkinchi goli “Qosimov uslubidagi gol” deb baholandi. Jarimadan gollar kamayib ketdimi?
— Bilmayman, urg‘anlar bor.

— O‘tgan turda o‘g‘lingiz ham gol urdi...
— U ham rikoşet orqali. Hozir ham chempionatda shunday gollar ko‘p. Bizning davrimizdagi gollar esa tasvirlarda saqlanib qolmagan.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting