«Milan» Fyullkrug uchun rasmiy taklif bilan chiqdi
«Milan» Germaniya terma jamoasi va «Vest Hem» hujumchisi Niklas Fyullkrugni o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirmoqda.
Sky Sport jurnalisti Florian Plettenberg xabariga ko‘ra, Milan klubi 32 yoshli hujumchini sotib olish opsiyasi bilan ijaraga olish bo‘yicha «bolg‘achilar»ga rasmiy taklif yuborgan.
Manbaga ko‘ra, London klubi ushbu taklifni ko‘rib chiqmoqda va futbolchini to‘liq sotishni yoki hech bo‘lmaganda majburiy sotib olish sharti bilan ijaraga berishni afzal ko‘rmoqda.
Fyullkrug so‘nggi bor 2025 yil aprel oyida gol urgan. Joriy mavsumda germaniyalik forvard «Vest Hem» safida barcha turnirlarda 9 ta o‘yinda maydonga tushib, hali birorta ham gol yoki assist qayd etmagan.
Futbolchining London klubi bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.