Metallurg Proliga talablari ustida ishlamoqda
“Metallurg” 2024-yilgi mavsum yakunida Superligadan chetlashtirilgan va keyinchalik Liga tomonidan oʻtkaziladigan boshqa musobaqalarda ham ishtirok etmagan edi.
“Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi – bosh direktor Bahodir Abdullayev tomonidan yozilgan kafolat xati asosida “Metallurg” 2026-yildan boshlab Liga musobaqalariga qaytdi. Biroq aynan qaysi musobaqada qatnashishi masalasi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Maʼlumki, “Metallurg” klubida Proliga talablari uchun zarur infratuzilma va sharoit mavjud. Ammo yuzaga kelgan tanaffus sabab, Liga klub faoliyatini qayta monitoring qilmoqda. Klubning yagona ishtirokchisi boʻlgan “Oʻzmetkombinat” AJ tomonidan 23-yanvar kuni chiqarilgan qarorga binoan, Ulugʻbek Mirzayev “Metallurg” klubining bosh direktori etib tayinlandi. Keyingi bosqichda klub yangi futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun MyLeague platformasiga qayta ulanadi.
FIFA tomonidan nazorat qilinadigan futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish davri Oʻzbekistonda 23-fevral kuni yakunlanadi. Biroq 2024-yildan boshlab FIFA klubga yangi futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqiq qoʻygan. Bunga sabab boʻlgan qarzdorlik toʻliq bartaraf etilmaguncha, klub yangi mehnat shartnomalarini tegishli platformaga yuklay olmaydi.
Liga talabi bilan “Metallurg” FIFA TMS va Legal Portal platformalaridan foydalanish imkoniyatini qayta tikladi va ayni paytda klub rahbariyati eski qarzdorlikni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Sobiq legioner futbolchining tasdigʻiga asosan FIFA “Metallurg” klubidan transfer taqiqini olib tashlasa, Liga “Metallurg” bilan mehnat shartnomasi imzolagan futbolchilarni roʻyxatga olishni boshlaydi.
Joriy yil 23-yanvar kuni Liga ishchi guruhi Bekobod shahrida boʻlib, “Metallurg” stadionidagi holat bilan tanishdi. Ushbu arena 2023-yil yakuni boʻyicha monitoring xulosalari asosida Liga tomonidan Superliga musobaqasi uchun qabul qilinmagan edi. Biroq unda Proligani oʻtkazish imkoniyati mavjud. Buning uchun maydon parvarishi va uni jonlantirish ishlari hozirdan boshlanishi lozim. Ayni paytda klub rahbariyati maydon parvarishi va stadion texnik zonalarini taʼmirlash uchun smeta xarajatlarini ishlab chiqmoqda. “Oʻzmetkombinat” AJ bu ishlarni moliyalashtirishni rejalashtirgan va tez orada maydonni jonlantirish ishlari boshlanadi.
Yuqoridagi masalalar bosqichma-bosqich hal qilinsa hamda klub qoshidagi akademiyaning barcha tarbiyalanuvchilari MyLeague platformasidan tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtkazilsa, “Metallurg” faoliyatini Proligada davom ettirishi mumkin.