locale OZ

Mbappe Nike bilan hamkorlikni yakunlab, On brendi bilan shartnoma imzoladi

Sobiq hujumchi 2025-yil oxiridan beri kompaniyaning yangi yo‘nalishi va mahsulot strategiyasi ustida ishlagan.
Mbappe Nike bilan hamkorlikni yakunlab, On brendi bilan shartnoma imzoladi
Foto: Getty Images

“Real Madrid” va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe Nike bilan qariyb 20 yillik hamkorligini yakunlab, Shveysariyaning On sport brendiga qo‘shildi. Fransiyalik yulduz kompaniyaning futbol yo‘nalishidagi asosiy yuzi va global elchisiga aylanadi. Bu haqda On kompaniyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, Mbappe On mutaxassislari bilan yangi futbol butsalarini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish jarayonida bevosita ishtirok etadi. Kompaniya futbol bozoriga kirishni rejalashtirgan bo‘lib, ilk butsalarini 2027-yilda taqdim etishi kutilmoqda. Kelishuvning moliyaviy tafsilotlari to‘liq oshkor qilinmagan, biroq Reuters ma’lumotiga ko‘ra, shartnoma pul to‘lovi bilan birga Mbappega kompaniya aksiyalaridan ulush berilishini ham nazarda tutadi.

On futbol yo‘nalishini rivojlantirish uchun yana bir mashhur fransiyalik — Tyerri Anrini futbol direktori etib tayinladi. Sobiq hujumchi 2025-yil oxiridan beri kompaniyaning yangi yo‘nalishi va mahsulot strategiyasi ustida ishlagan. Mbappe esa yangi hamkorlikni futbol kelajagini innovatsiyalar orqali shakllantirish imkoniyati sifatida baholagan.

Ma’lumot uchun, Mbappe Nike bilan 2006-yildan, ya’ni 9 yoshidan beri hamkorlik qilib kelgan. On esa 2010-yilda Shveysariyada tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda mahsulotlarini 90 dan ortiq mamlakatda sotadi. Kompaniya Mbappe bilan hamkorlik orqali yugurish va tennisdan so‘ng futbol bozorida ham o‘z o‘rnini mustahkamlashni maqsad qilgan.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting