Mbappe: «Agar Real'ga o‘tmagan bo‘lsam, butun faoliyatimni PSGda o‘tkazgan bo‘lardim»
"Real" klubi hujumchisi Kilian Mbappe, agar 2024 yil yozida ispan grandi safiga o‘ta olmaganida, faoliyatini qayerda davom ettirishi mumkinligi haqida fikr bildirdi.
"Men Parijda yetti yil o‘tkazdim va bu men uchun katta sharaf edi. Balki men bu haqda yetarlicha gapirmagandirman yoki ko‘rsatmagandirman, ammo men har doim qayerdan chiqqanimni va "PSJ" qanchalik buyuk klub ekanini unutmaganman. Men doimo bu Fransiyadagi eng katta klub va dunyodagi eng yaxshilaridan biri ekanini aytib kelganman.
Keyin men dunyodagi eng katta klub — "Real" Madridga o‘tdim. Ammo har doim shuni ta'kidlaganman-ki, men "PSJ"ni faqat shu klub uchun tark etishim mumkin edi. Agar "Real"ga o‘ta olmagan bo‘lsam, butun faoliyatimni "PSJ"da o‘tkazgan bo‘lardim. Men bu klubda o‘ynashni orzu qilganman va bu orzum amalga oshganidan juda xursandman. Men doimo parijliklarning o‘yinlarini kuzataman, jamoada do‘stlarim bor va hozir ular juda yaxshi o‘ynashyapti", — dedi Mbappe One Football nashriga bergan intervyusida.
Joriy mavsumda 27 yoshli hujumchi barcha turnirlarda 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, 38 ta gol urdi va 6 ta assist qayd etdi.