«Mash’al» – «Navbahor». O‘zaro o‘yinlarda kim ustun?
O‘zbekiston chempionati tarixida “Mash’al” va “Navbahor” o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar doim qiziqarli va murosasiz kechib kelgan. Ikki jamoa shu kungacha chempionat bahslarida 41 bor o‘zaro maydonga chiqqan.
E’tiborlisi, bu uchrashuvlarda g‘alabalar soni mutlaqo teng. “Mash’al” 16 marta, “Navbahor” ham 16 marta g‘alaba qozongan, yana 9 bahsda jamoalar durang qayd etgan. Natijada har ikki jamoa o‘zaro bahslarda 57 ochkodan jamg‘argan.
Gollar borasida “Navbahor” ustun
41 ta uchrashuvda jami 104 ta gol urilgan. Shundan 48 tasi “Mash’al”, 56 tasi “Navbahor” futbolchilari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Demak, namanganliklar gollar nisbati bo‘yicha 8 ta to‘p farqi bilan ustunlikka ega. “Mash’al” uchun esa o‘zaro uchrashuvlardagi gol farqi –8 ni tashkil etadi.
Eng yirik natijalar
“Mash’al”ning “Navbahor” ustidan qozongan eng yirik g‘alabasi — 5:0. Bu natija 2008 yil 16 avgust kuni Muborakda qayd etilgan.
“Navbahor”ning esa “Mash’al” ustidan eng yirik g‘alabasi — 8:0. Shuningdek, bu ikki jamoa o‘rtasidagi eng sermahsul uchrashuv ham hisoblanadi. Eng sermahsul durang esa 2:2 hisobida qayd etilgan.
Jamoalarning so‘nggi o‘zaro bahslari ham raqobatning naqadar keskin ekanini ko‘rsatadi.
2026 yil 3 aprel kuni Namanganda bo‘lib o‘tgan birinchi davra uchrashuvida “Navbahor” 2:1 hisobida g‘alaba qozongan.
Bundan avval, 2025 yil 21 noyabr kuni Muborakdagi bahs 0:0 hisobida yakunlangan. 2025 yil 28 iyun kuni esa Namanganda “Navbahor” “Mash’al”ni 6:0 hisobida mag‘lub etgan.
Shu tariqa, o‘zaro bahslarning umumiy statistikasi hozircha “Mash’al” va “Navbahor”ning g‘alabalari teng — 16 tadan, ochkolar ham 57:57. Biroq gollar borasida “Navbahor”ning ustunligi bor — 56:48.