Manchini: «Katta xato qilganman. Umid qilamanki, odamlar meni kechiradi»
Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Manchini milliy jamoaga qaytganidan keyingi ilk matbuot anjumanida muxlislardan uzr so‘radi. Mutaxassis uch yil avval «Skuadra Adzurra»ni tark etib, Saudiya Arabistoni terma jamoasini qabul qilib olganini katta xato deb atadi.
61 yoshli murabbiy chorshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida afsus bilan gapirdi.
— Juda afsusdaman. O‘shanda hayotimdagi muhim narsani yo‘qotgandek bo‘lganman. Men jiddiy xato qildim. So‘nggi uch yil ichida yuz bergan barcha holatlar uchun uzr so‘rayman. Terma jamoani o‘ziga munosib joyga qaytarish uchun bor kuchimni sarflayman, — dedi Manchini.
Italiyadagi inqiroz Manchinining qaytishiga yo‘l ochdi
Italiya futbolidagi navbatdagi muvaffaqiyatsizlik Manchinining qaytishiga sabab bo‘ldi. Italiya terma jamoasi ketma-ket uchinchi bor Jahon chempionatiga chiqa olmadi. Aprel oyida Bosniya va Gersegovinaga qarshi pley-offdagi mag‘lubiyatdan so‘ng federatsiya prezidenti Gabriele Gravina va bosh murabbiy Jennaro Gattuzo lavozimini tark etdi.
Manchini avvalroq Italiyani Yevro-2021 chempioniga aylantirgan edi. Biroq 2023-yil avgustida uning kutilmagan iste’fosi ko‘pchilikni hayratda qoldirgan. Oradan ikki hafta o‘tib, u Saudiya Arabistoni terma jamoasi bosh murabbiyiga aylangan. O‘sha paytda ko‘plab muxlislar va mutaxassislar bu qarorni «xiyonat» sifatida baholagan edi.
Manchini hammasini tan oldi.
— Bu butunlay mening aybim edi. Gravina bilan o‘rtamizda tushunmovchilik bo‘lgan, ammo men to‘liq javobgarlikni o‘z zimmamga olaman, — dedi u.
Manchini to‘rtinchi nomzod bo‘lgan
Italiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Manchini federatsiya uchun birinchi tanlov bo‘lmagan. Avvaliga Karlo Anchelotti va Pep Gvardiolaga taklif yuborilgan, biroq har ikki mutaxassis ham bu vazifani rad etgan. Andrea Pirlo nomzodi esa Rossiya bukmeker kompaniyasi bilan bog‘liq homiylik kelishuvi sabab ko‘rib chiqilmagan.
Manchinining qaytganidan keyingi ilk o‘yini 25-sentabr kuni Rimdagi «Olimpiko» stadionida bo‘lib o‘tadi. Italiya UEFA Millatlar ligasi doirasida Belgiyaga qarshi maydonga tushadi.
Muxlislar uni qanday kutib olishi haqida so‘ralganda, Manchini shunday javob berdi:
— Ayrimlar menga qarshi bo‘lishini tushunaman. Umid qilamanki, jamoa yaxshi o‘ynaydi va odamlar meni kechiradi.
Yangi loyiha yoshlarga tayanadi
Manchini yangi bosqichda yosh avlodga ishonch bildirmoqchi. Hujum chizig‘ida Pio Espozito, Moyze Kin va Nikolo Zaniologa katta umid bog‘lanmoqda. Yarim himoyada Sandro Tonali va Nikolo Barella, darvozada esa Janluiji Donnarumma asosiy kuchlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Himoyada Rikkardo Kalafiori muhim rol o‘ynaydi.
Shu bilan birga, markaziy himoya borasida muammolar saqlanib qolmoqda. Alessandro Bastoni va Franchesko Acherbining holati jamoa uchun xavotir uyg‘otmoqda.
— Biz juda yomon holatda emasmiz, deb o‘ylayman. Hujumchilar va qanot futbolchilari orasida tanlov yetarli. Ular yosh va rivojlanishga qodir. Kinni ilk bor terma jamoaga men jalb qilganman, uni yaxshi bilaman. Zanioloni ham A Seriyada hali o‘ynamasidan oldin birinchi bo‘lib men chaqirganman, — dedi Manchini.