Maksim Shatskix: 3 ta gol oʻtkazib yuborgan boʻlsak-da, kimnidir ayblamoqchi emasman
“Andijon”ning “Shoʻrtan”ga (4:3) qarshi uchrashuvidan keyin burgutlar bosh murabbiyi Maksim Shatskix matbuot anjumanida bir qator savollarga javob qaytardi.
- Xayrli kech! Oʻylaymanki, oʻyin hammaga manzur keldi. Doim aytaman: biz kim uchun oʻynaymiz? Albatta, muxlislar uchun oʻynaymiz. Uchrashuvda 7 ta gol koʻrdik, penaltilar boʻldi, xavfli vaziyatlarni ham koʻrdik. Menimcha, oʻyinda hamma narsa boʻldi. Murabbiylarda doim bunday oʻyinlar boʻlavermaydi. Oʻyin paytida doim oʻrningdan turasan va yana oʻtirasan. Stadionda yigʻilgan ishqibozlar uylariga xursand holatda ketishdi. Bu eng asosiysi.
- Oxirgi uchrashuvlarda Usmonali Ismonaliyev oldingi chiziqda oʻynayapti. U bu borada oʻzini qanday his qilyapti?
- Unga vinger sifatida foydalanmoqchi ekanimni aytgandim. Joʻraqoʻziyev, Abdumannopov va Ismonaliyev joy almashib oʻynashlari mumkin. Ular oʻyinni oʻzgartirib yuborishdi. Usmonali hujumga oʻtganda biz gol uryapmiz. U dublga erishdi va umid qilamanki, bu oxirgisi emas. Bugun uning kuni boʻldi. Faol harakatarni amalga oshirdi va biz gollar urdik.
- Oxirgi uchrashuvlarda Hamijonovda ruhiy bosim borga oʻxshayapti...
- Unda qandaydir bosim bor deb oʻylamayman. Ammo bu uchrashuvda u qandaydir tushunarsiz harakatlarni qildi. Oʻyini koʻrib tahlil qilib chiqamiz. Bu uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik koʻrgandi. Oʻzi barchasi yaxshiligi, hech qanday muammo yoʻqligini aytgandi. Tushunmovchilik vaziyatlari boʻlib turadi. Oʻylaymanki, boshqa bunday holat yuz bermaydi.
- “Andijon” oʻz darvozasidan 3 ta gol oʻtkazib yubordi. Markaziy va qanot himoyachilaridan koʻnglingiz toʻldimi?
- 3 ta gol oʻtkazib yuborgan boʻlsak-da, kimnidir ayblamoqchi emasman. Bu yerda hamma javobgar. Hamma teng himoyalanadi va teng hujumga oʻtadi. Kimnidir alohida aybdor deb koʻrsatmayman. Xatolarga epizodlar sabab boʻldi. Dastlab xatolar qayerdan boshlanganini koʻrish kerak. Bu kabi kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik uchun avvalgi xatolarni koʻrib, oʻrganib, tahlil qilib chiqamiz. 3 ta gol oʻtkazib yuborganimiz uchun himoyadan u qadar koʻngil toʻldi, deyish qiyin. Barcha gollarga oʻzimiz sababchimiz.
- Farhod Sohibjonov va Ilhom Abdugʻaniyev nima uchun yoshlar jamoasiga oʻtkazildi?
- Ular u yerga bugun borib qolishgani yoʻq. Bunga sabablar bor. U yerdagi faoliyatini koʻryapmiz. Bilasizmi, asosiy jamoada oʻynash uchun shunga munosib boʻlish kerak. Koʻproq oʻz ustida ishlash lozim va shunda asosiy jamoada toʻp surishlari mumkin. Mana, oʻrinbosarlar jamoasidan bir qator oʻyinchilarni jalb qilyapmiz. Barchasiga vaqt kerak. “Andijon”ga kerak boʻlsa, ularni albatta yana qaytaramiz.
- Oleg Zoteyev bilan Islom Mamatkazin qachon tayyor boʻlishadi?
- Islom yakka tartibda tayyorgarlik koʻrishga kirishdi. Hech qanday muammo yoʻq. Tiklanib olishiga biroz vaqt kerak. Zoteyev jarohatdan keyin qilinishi kerak boʻlgan dasturlar boʻyicha ishladi. Bir qancha topshiriqlarni bajaryapti. Koʻramiz, keyingi uchrashuvga umumiy tarkibda boʻlishi mumkin.