Mahmud Mahamadjonav: «Bu o‘yinni yutishimiz kerakligini hamma tushunib turibdi»
“Andijon” klubini 24-aprel kuni Toshkentda “Bunyodkor”ga qarshi yana bir muhim uchrashuv kutib turibdi. Ayniqsa, “Burgutlar” o‘z qarorgohida oldinda turgan o‘yin uchun puxta tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Jamoaning iqtidorli futbolchilaridan biri Mahmud Mahamadjonav ham mashg‘ulotlarda ustida ishlashda davom etmoqda.
Klub matbuot xizmati esa klub qarorgohida ushbu futbolchiga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Jamoa “Bunyodkor”ga qarshi o‘yin uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hozirda “Andijon”ning kayfiyati qanday va mashg‘ulotlarda asosan nimaga eʼtibor qaratilmoqda?
- Ha, “Bunyodkor” bilan o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Xudo xohlasa, jamoamizda kayfiyat yaxshi. To‘g‘ri, turnir jadvalidagi vaziyat hozircha unchalik yaxshi emas va bizga albatta g‘alaba jamoa kayfiyatini yanada oshirishga yordam beradi. Futbolchilarimiz bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, shug‘ullanishyapti. Bu o‘yinni yutishimiz kerakligini hamma tushunib turibdi. Barchamiz yurakdan mehnat qilyapmiz. Xudo xohlasa, natijasini beradi, degan umiddaman.
- O‘tgan turdagi vodiy derbisida qayd etilgan 0:0 hisobi o‘yinga qanchalik mos tushdi, deb hisoblaysiz?
- O‘zingiz ko‘rdingiz, bizda murabbiy almashdi. Islom Ahmedov o‘zimizni murabbiylar shtabida edi. Baribir har bir mutaxassisning uslubi bor va bir-birinikidan farq qiladi. O‘zining futbol falsafasi bilan kirib keldi. Shu bois o‘tgan turda Islom Ahmedov aytgan futbol falsafasida o‘ynashga harakat qildik. Yomon bo‘lmadi, deb o‘ylayman. Qaysidir maʼnoda durang o‘yinga mos bo‘ldi, deyish mumkin. Lekin bizda ko‘proq xavfli vaziyatlar bo‘lgan. Shulardan foydalanganimizda boshqacha bo‘lardi va g‘alabaga ko‘proq mos edik. Umuman olganda, o‘yin durangga mos bo‘ldi. Bu natijani o‘zimiz uchun yaxshi deb bo‘lmaydi. Qo‘qonga durang uchun bormagan edik. Uch turdan beri ochko ololmayotgan edik, muhimi, ochko qo‘lga kiritdik. Bu, albatta, jamoaga o‘ziga yarasha ishonch beradi. Biz har bir o‘yinda faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz.
- Bo‘lajak raqib – “Bunyodkor” haqida nimalarni aytgan bo‘lardingiz va ushbu uchrashuvda ko‘proq nimaga eʼtibor qaratishimiz kerak, deb o‘ylaysiz?
- “Bunyodkor” yaxshi formda. Jamoa yetakchilar qatorida ketmoqda. Asosan jamoaviy o‘yin ko‘rsatadi. U yerda yulduzlar yo‘q, bir xil darajadagi futbolchilari bor. Jamoaviy xarakter ko‘rsatib o‘ynashadi. Bir jamoa bo‘lib, hamjihatlikda o‘ynasak, hammamiz xarakter ko‘rsatib o‘yin ko‘rsatsak g‘alaba qozona olamiz. Albatta, uchrashuv qiyin bo‘ladi. Safarda o‘ynaymiz va “Bunyodkor”ning ruhiy holati ham yaxshi. Ular o‘tgan turda Jizzaxda 2:0 ni 2:3 ga aylantirishdi. Lekin biz u yerga shunchaki bormaymiz, faqat g‘alaba uchun boramiz. Chiroyli o‘yin bo‘ladi.
- Jamoada murabbiy almashganidan so‘ng birinchi navbatda qanday o‘zgarishlarni ko‘ryapsiz?
- Mashg‘ulotlarda qisqa paslar bilan o‘ynashga va shu yo‘nalishga eʼtibor qaratilmoqda. Ko‘pincha dominant o‘ynashga hamda to‘p nazoratini saqlashga urg‘u beryapmiz. Asosan shunda o‘zgarish bo‘ldi. Jamoamiz buning oldin ham yaxshi edi, faqat o‘ylagan rejalarimiz chiqmayotgandi. Endilikda futbol falsafalarida o‘zgarishlar bo‘lyapti. Yangi murabbiylarning nimani istayotganini hali to‘liq ko‘rsata olmasak-da, muhimi, shunga harakat qilyapmiz. Hammamiz intilib, murabbiy bizdan nimani hohlasa, shuni ko‘rsatishga harakat qilyapmiz.
- Milliy terma jamoamizga nomzod futbolchilardan birisiz. Murabbiylar bilan aloqada bo‘lib turibsizmi? Keyingi hal qiluvchi yig‘inga chaqirish bo‘yicha imkoniyatlarni qanday baholaysiz?
- Har bir futbolchi milliy terma jamoada to‘p surishni orzu qiladi. Kim chaqirilishiga kelsak, biz doim harakatdamiz. Bizni loyiq ko‘rishsa har doim tayyormiz. O‘z o‘yinimiz bilan murabbiylarning eʼtiboriga tushish ilinjidamiz. Qolgani murabbiylar shtabi tanlaydi. Nasib qilgan bo‘lsa boramiz. Nasib qilmagan bo‘lsa, hali oldinda ko‘p o‘yinlar bor va ustimizda ishlashda davom etamiz. Oldingi yig‘inga borganimizda murabbiylar kerakli maslahat va ko‘rsatmalar berishgan. Imkoniyat hammada bor. Harakat qilsak natija ham bo‘ladi.
- Terma jamoamiz guruhi to‘liq bo‘ldi: Portugaliya, Kolumbiya va Kongo...
- Eng qiyin guruh desa ham bo‘ladi. Guruhimizda har bir qitʼaning top terma jamoalari yig‘ilib qolgan, desak ham bo‘ladi. Kolumbiya ham yetakchilardan biri. Portugaliyani gapirmasa ham bo‘ladi. Kongoni ham ko‘rdingiz, futbolchilari APLda va yana boshqa top 5 chempionatlarida to‘p surishmoqda. Oson bo‘lmaydi. Biz ham Osiyodagi top 3 ta termalardan birimiz. Oson jang bermaymiz. Muxlislarni xursand qiladigan o‘yin ko‘rsatamiz, degan umiddaman. Guruhdan chiqish yoki chiqmaslik borasida hozirdan bir nima deb bo‘lmaydi, muhimi, ishonchli, chiroyli o‘yinlar ko‘rsatishimizga ishonaman.