locale OZ

Mahmud Abdulrahmon: «Barcha jamoalarga omad tilayman»

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Mahmud Abdulrahmon: «Barcha jamoalarga omad tilayman»
Фото: Андижон ПФК

OChL 2 uchun qur’a tashlash marosimida oldin xabar berganimizdek, Bahrayndan taniqli sobiq futbolchi Mahmud Abdulrahmon ishtirok etdi va aynan u ikkinchi savatchadan “Andijon”ni “B” guruhidan joy olganini e’lon qilib, bizning raqiblarimizni aniqlab berdi.

Shuningdek, bizning guruhda Bahraynning “Al-Xaldiya” jamoasi ham borligini eslatib o‘tish lozim.

Muxlislar yodida bo‘lsa, Mahmud Abdulrahmon faoliyati davomida bir necha bor Bahrayn terma jamoasi safida O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi maydonga tushgan. “Andijon” matbuot xizmati esa Abdulrahmondan intervyu oldi.

- “B” guruhi haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Oson guruh emas. Hech bir guruh engil emas. Balki “Andijon”ni ko‘pchilik bilmasa kerak. OChLda yangi jamoa. “Andijon” ham, “Al-Xaldiya” ham bir-birini yaxshi bilmaydi. Guruhdagi to‘rtta klub uchun ham oson bo‘lmaydi. Bir-birini bilishmasa, jamoalarga yanada qiyin kechadi. Kim yutishini aytish oson emas. Barcha jamoalarga omad tilayman.

- OChL 2da siz uchun eng qiyin va eng oson guruh qaysi?

- Meningcha, mening jamoam joy olgan “Muharraq” guruhi eng qiyini. Chunki “Al- Wasl”ning ham yaxshi futbolchilari bor. Eronning “Istiqlol”i nomdor jamoa. “Al-Muharraq” ham keyingi bosqichga chiqish uchun kurashadi. “Al-Vihdat” ham qiyin raqib. Oson guruh qaysi ekanini bilmayman. Balki “Andijon”ning guruhi osonroqligidir yoki “Al-Nassr” joy olgan guruh bo‘lsa kerak. Negaki, ular “Goa”ga qarshi o‘ynaydi. Menimcha, shu osoni.

- O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi ilgari o‘ynagansiz. Terma jamoamiz ilk bor mundialga chiqdi. Futbolimizni kuzatib boryapsizmi?

- Va nihoyat, O‘zbekiston terma jamoasi yanada qat’iy ishladi va jahon chempionatiga chiqishga erishdi. Bundan xursandman. Chunki O‘zbekiston Osiyo qit’asida joylashgan va bunga qadar ham bir necha bor mundialga juda yaqin kelgandi. Ishonchim komilki, O‘zbekiston termasining darajasi oshib bormoqda. Bilishimcha, ligasi ham kuchayib boryapti. Shu bois, milliy terma jamoasi ham tobora yaxshilanmoqda va mundialga bejiz chiqgani yo‘q. Endi esa, “Andijon” Bahrayn, Qatar, Turkmaniston klublari bilan o‘ynaydi. O‘zbekistonning hamma klublari qiyin. Barchasiga omad tilayman.

- Ignatiy Nesterovga uzoq masofadan gol urgansiz. Terma jamoamizga qarshi uchrashuvlarda qaysi bahs ko‘proq xotirangizda saqlanib qolgan?

- O‘zbekistonga borganda Bahrayn uchun barcha o‘yinlar qiyin bo‘lgan. Chunki kuchli muxlislari bor. Ob-havosi ham Fors ko‘rfaziga o‘xshamaydi. Osiyo Kubogidagi o‘yin ham esimda. Menga eng yoqqan o‘yin o‘sha jarima zarbasidan urgan goldir. O‘sha uch ochko bizga keyingi bosqichga chiqishda yordam bergan. O‘sha golni urishimda omaddan foydalandim. Lekin oxir-oqibat O‘zbekiston – bu O‘zbekiston. Osiyoda o‘ynaganda O‘zbekistonning ko‘p klublari kuchli. Milliy terma jamoasi ham kuchli. Shunday jamoaga gol urganimdan o‘zimni omadli hisoblayman.

Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting