«Liverpul»ning chempionlik paradi vaqtida oʻz mashinasi bilan muxlislar ichiga bostirib kirgan shaxs 21,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Britaniyalik Pol Doyl o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra Angliya Premyer-ligasi chempioni bo‘lgan «Liverpul»ning chempionlik paradi vaqtida o‘z avtomobili bilan muxlislar olomoniga bostirib kirgani uchun 21 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Hodisa joriy yilning 26 may kuni sodir bo‘lgan.
Sky News nashrining X ijtimoiy tarmog‘idagi xabariga ko‘ra, 54 yoshli erkak 6 oylik chaqaloqdan tortib 77 yoshgacha bo‘lgan 29 nafar jabrlanuvchiga oid 31 ta ayblov bandi bo‘yicha aybdor deb topilgan. Sud jarayonida taqdim etilgan audioyozuvlarda Doyl yo‘lni muxlislar to‘sib qo‘ygani sababli o‘ta asabiylashgani eshitiladi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu voqea oqibatida jami 134 nafardan ortiq kishi jabrlangan. Ford Galaxy avtomobilini boshqargan Doyl hodisa joyining o‘zida qo‘lga olingan.