locale OZ

Liga Surxon arena hamda uning zaxira maydoni holati bilan tanishdi

Maydon umumiy rakursdan translyatsiya qilinganida ham holat yaqqol namoyon bo‘ladi.
Liga Surxon arena hamda uning zaxira maydoni holati bilan tanishdi
photo: Surxon fk

Liganing maydonlar holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi 22-iyul kuni Termiz shahrida bo‘lib, Surxon arena hamda uning zaxira maydoni holati bilan tanishdi. Monitoring xulosasiga ko‘ra, har ikki maydon rasmiy uchrashuvlarni qabul qilishga tayyor emas. Sababi, o‘tgan vaqt davomida maydon parvarishi masalasida yetarlicha kamchiliklar kuzatilgan.

Chim qoplamasi o‘ta siyraklashgan, maydonni allaqachon begona o‘tlar qoplagan, ayrim qismlarda chimning kuyish alomatlari mavjud. Maydon umumiy rakursdan translyatsiya qilinganida ham holat yaqqol namoyon bo‘ladi.

Maydonning bunday holatga kelishiga sabab bo‘lgan omillar o‘rganildi. Maysa yil davomida yashilligini saqlab qolishi uchun har mavsum yakunlanganidan so‘ng qo‘shimcha urug‘ sepilishi lozim. Termiz respublikaning eng janubiy hududida joylashgani va iqlimi nisbatan issiq ekanidan kelib chiqilsa, mazkur amaliyot Surxon arena uchun yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq, klubda yuzaga kelgan moliyaviy qiyinchiliklar sabab maydonga o‘z vaqtida yangi chim urug‘i sepilmagan. Bu esa chim qoplamasi siyraklashib ketishiga olib kelgan. Qo‘shimchasiga, maydon parvarishi ham talab darajasida amalga oshirilmagan. Jumladan, yoqilg‘i yetishmovchiligi va boshqa muammolar sabab bo‘lib, maydon o‘z vaqtida o‘rilmagan, zarur kimyoviy vositalar va o‘g‘itlar agronomlarga belgilangan vaqtda yetkazib berilmagan.

O‘zbekistonda futbol maydonlari aprel–may oylarida eng yaxshi holatda bo‘ladi. Muammolar esa, odatda, yoz chillasidan e’tiboran ko‘zga tashlana boshlaydi. Surxon arenada yashillikning yo‘qolishi aprel oyining oxirlaridayoq sezilgan. Bu haqda Liganing stadionlar bo‘yicha mas’ul mutaxassislari klub mas’ullarini mavjud muammo bo‘yicha ogohlantirgan.

Shuni ta’kidlash lozimki, maydon uchun zarur bo‘lgan o‘g‘it va urug‘lar bahor so‘ngida yetkazib berilgan. Ammo bu vaqtga kelib, maydonni tiklash uchun kech bo‘lgan. Issiq ob-havo sharoitida ko‘rilgan parvarish choralari yetarlicha samara bermasligi ma’lum. O‘rganishlar yetkazib berilgan urug‘ navi ham iqlim va chim qoplamasiga mos bo‘lmagani borasidagi xulosalarga sabab bo‘ldi.

Surxon arenadagi yana bir jiddiy muammo ishchi kuchining yetishmasligi bilan bog‘liq. Stadionning asosiy va zaxira maydonlarini lozim darajada parvarish qilish uchun mavjud ishchilar soni yetarlicha emas.

Arenaga Superliga qaytishi uchun qator ishlar amalga oshirilishi lozim. Har qanday holatda ham bu ma’lum vaqtni talab etadi. Surxon klubi o‘z hisobidan arenaning drenaj, sug‘orish va yoritish tizimini Superliga talablariga moslashtirgan. Shuningdek, maydon perimetri bo‘ylab joylashadigan elektron reklama shitlarining eng yaxshilaridan biri ham aynan Surxon arenaga o‘rnatilgan. Mavjud maydonni tiklashning nazariy jihatdan imkoniyati mavjud bo‘lib, bu anchagina murakkab jarayon hisoblanadi. Shuningdek, uning ustki qismini to‘liq yangilash varianti ham mavjud. Buning uchun boshqa hududda yetishtirilayotgan tayyor chimni olib kelib o‘tkazish orqali stadionni qisqa vaqtda tayyor holga keltirish mumkin. Yoki unga to‘liq yangi urug‘ o‘tkazib, kelasi mavsumning ikkinchi yarmidan boshlab arenaga qaytish imkoniyati ham mavjud.

Superliga klubi har qanday holatda ham rasmiy uchrashuvni o‘z muxlislari qarshisida o‘tkazishidan Liga manfaatdor hisoblanadi. Shu bilan birga, klublar va mahalliy mas’ullarning maydon chimi parvarishiga nisbatan munosabati Liganing eng og‘riqli mavzularidan biridir. Yaxshi va sifatli maydonlarsiz professional futbolni rivojlantirish imkoniyati ancha chegaralanishi, maydon parvarishi allaqachon alohida soha bo‘lib, bu katta mehnat va ma’lum mablag‘ni talab qilishini barcha birdek qabul qilishi va bunga amal qilishi muhim.

Surxon klubi moliyalashtirish qoniqarli bo‘lgan davrda risoladagidek faoliyat olib borgani, ayni vaqtda esa iqtisodiy qiyinchiliklar mavjudligi Ligaga ma’lum. Ammo Superliga talablari va uning barcha uchun birdek ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Ishonamizki, mas’ullar mavjud muammoni bartaraf etish ustida hamkorlikda ish olib boradi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting