Levandovski «Real»ga qarshi oʻyinlarda Suares va Grizmanning rekordini takrorladi
«Barselona» hujumchisi Robert Levandovski Ispaniya Superkubogi finalida Madridning «Real» klubiga qarshi o‘yinda gol urdi. Uchrashuv kataloniyaliklarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Ushbu gol Levandovski uchun «Qirollik klubi»ga qarshi o‘yinlardagi 12-gol bo‘ldi. Stats Foot ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich bo‘yicha polshalik hujumchi sobiq «Barselona» forvardi Luis Suares hamda «Atletiko» hujumchisi Antuan Grizmann bilan tenglashdi.
XXI asrda «Real» darvozasiga eng ko‘p gol urgan futbolchi esa hanuzgacha Lionel Messi bo‘lib qolmoqda — argentinalik yulduz madridliklarga 26 marta gol urgan.
37 yoshli Levandovski faoliyati davomida «Real»ga qarshi barcha turnirlarda 18 ta o‘yin o‘tkazgan. U bu uchrashuvlarda uch klub safida maydonga tushgan:
- «Barselona» — 10 o‘yin, 6 gol
- «Borussiya» Dortmund — 5 o‘yin, 5 gol
- «Bavariya» — 3 o‘yin, 1 gol