La Liga. «Real» magʻlubiyatga uchradi, «Barselona» esa peshqadamlikni yana oʻz qoʻliga oldi va boshqa natijalar
23 fevral kuni Ispaniya La Ligasida 25-tur bahslari yakuniga yetdi. Turning eng shov-shuvli natijasi Madridning «Real» klubi mag‘lubiyati bo‘ldi, bu esa turnir jadvalida yetakchining o‘zgarishiga olib keldi.
Turning ochilish o‘yinida «Atletik» o‘z maydonida «Elche»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Shanba kungi bahslar gollarga boy bo‘ldi: «Real Sosedad» va «Oviedo» jangovor durang (3:3) qayd etgan bo‘lsa, «Betis» va «Rayo Valekano» 1:1 hisobida ochko bo‘lishishdi.
Turning asosiy syurprizi Pamplonada yuz berdi — «Osasuna» o‘z uyida Madridning «Real» klubini 2:1 hisobida taslim etdi. «Atletiko» esa «Espanyol» ustidan 4:2 hisobidagi ishonchli g‘alabaga erishdi.
Yakshanba kuni «Barselona» o‘z maydonida «Levante»ni 3:0 hisobida qiyinchiliksiz mag‘lub etib, muhim ochkolarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, «Sevilya» safarda «Xetafe»ni (1:0), «Selta» esa «Malyorka»ni (2:0) mag‘lub qildi. «Vilyarreal» o‘z maydonida «Valensiya»dan ustun keldi (2:1). Turning so‘nggi uchrashuvida «Alaves» va «Jirona» 2:2 hisobida durang o‘ynashdi.
Maʼlumot uchun, 25-turdan so‘ng «Barselona» 61 ochko to‘plagan holda peshqadamlikni qo‘lga oldi. «Real» 60 ochko bilan ikkinchi o‘ringa tushib ketgan bo‘lsa, «Vilyarreal» 51 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlab turibdi.