Kurash bo‘yicha XV Jahon chempionati sanasi qayta ko‘rib chiqiladi
Kurash bo‘yicha XV Jahon chempionati sanasi qayta ko‘rib chiqiladi.
Bugun Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi (IKA) Boshqaruv qo‘mitasining Kurash bo‘yicha XV Jahon chempionati masalasiga bag‘ishlangan shoshilinch yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Videokonferens-aloqa shaklida tashkil etilgan mazkur yig‘ilishga IKA Prezidenti Haydar Farman raislik qildi.
🇮🇷Yig‘ilish davomida Eron Islom Respublikasida yuzaga kelgan mavjud siyosiy notinch vaziyat inobatga olinib, musobaqa ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash masalasi ustuvor yo‘nalish sifatida muhokama qilindi. Shu munosabat bilan Jahon chempionatini belgilangan muddatdan keyinga qoldirish yoki boshqa mezbon davlatga ko‘chirish variantlari Boshqaruv qo‘mitasi a’zolari tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ayni paytga kelib, 35 dan ortiq davlatdan 300 nafarga yaqin sportchi va rasmiylar “IKA Registration System” orqali XV Jahon chempionatida ishtirok etish uchun rasman ro‘yxatdan o‘tgan.
Yuzaga kelgan vaziyat, shuningdek, Eron Kurash federatsiyasining chempionatni yuqori saviyada tashkil etish borasidagi katta tajribasi va tayyorgarligi inobatga olinib, Boshqaruv qo‘mitasi tomonidan yana 10 kunlik kuzatuv muddati belgilashga qaror qilindi. Agar mazkur muddat ichida mamlakatdagi siyosiy vaziyat barqarorlashmasa, Kurash bo‘yicha XV Jahon chempionati mart–aprel oylarida boshqa davlatda o‘tkaziladi.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda Xalqaro Kurash assotsiatsiyasiga XV Jahon chempionatiga mezbonlik qilish istagi bilan O‘zbekiston va Misr Kurash federatsiyalaridan rasmiy takliflar kelib tushgan.
Belgilangan 10 kunlik muddat yakunlariga ko‘ra, Jahon chempionatining aniq sanasi va mezbon davlati bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinib, jamoatchilikka e’lon qilinadi.