Keyn Bundesligada yangi rekord oʻrnatdi
Myunxenning «Bavariya» klubi hujumchisi Garri Keyn Bundesliganing 15-turi doirasida «Haydenhaym»ga qarshi uchrashuvda (4:0) gol urib, Germaniya chempionati rekordini o‘rnatdi. Bu haqda klubning rasmiy sayti xabar berdi.
Endilikda britaniyalik futbolchining Bundesligadagi «gol+pas» tizimi bo‘yicha ochkolari soni 100 taga yetdi (81 gol va 19 golli uzatma). Ushbu natijaga Keyn atigi 78 ta uchrashuvda erishdi va bu ko‘rsatkich 2004/2005 mavsumidan buyon statistika yuritila boshlaganidan beri eng yaxshisi hisoblanadi. Avvalgi rekord Aryen Robbenga tegishli bo‘lib, u 100 ochkoga 119 ta o‘yinda erishgan edi.
Keyn 2023 yil yozida Londonning «Tottenhem» klubidan «Bavariya» safiga ko‘chib o‘tgan. Joriy mavsumda u Myunxen jamoasi safida Bundesligada 15 ta bahsda ishtirok etib, 19 ta gol va uchta golli uzatma muallifiga aylangan.
Chempionlar ligasida hujumchi olti o‘yinda maydonga tushib, beshta gol urdi. Shuningdek, uning hisobida Germaniya kubogida beshta, mamlakat Superkubogida esa bitta gol bor.