Kantening «Fenerbahche»ga transferi soʻnggi daqiqalarda barbod boʻldi
N'Golo Kantening «Fenerbahche»ga transferi so‘nggi pallada barbod bo‘ldi. «Al Ittihod» va turk klubi o‘rtasidagi kelishuvi (Kante va En Nesiri almashinuvi) hujjatlardagi texnik xatolik tufayli amalga oshmay qoldi.
Tomonlar transferning barcha shartlari bo‘yicha kelishuvga erishgan, futbolchilar yangi jamoalari uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tib, sobiq klublari bilan xayrlashishga ham ulgurgan edi. Biroq, transfer oynasi yopilish arafasida hujjatlarni rasmiylashtirishda muammo yuzaga keldi.
«Fenerbahche» klubi o‘zining rasmiy bayonotida «Al Ittihod» rahbariyatining tizimga ma’lumotlarni noto‘g‘ri kiritganini transfer barbod bo‘lishining asosiy sababi sifatida ko‘rsatdi.
Ma’lumotlarning noto‘g‘ri kiritilishi oqibatida bitimni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazishning imkoni bo‘lmagan. Turkiya tomoni FIFAga murojaat qilib, muddatni uzaytirishni so‘ragan bo‘lsa-da, Saudiya klubi tushunarsiz sabablarga ko‘ra hech qanday chora ko‘rmagan.
Shu tariqa, N'Golo Kantening Yevropaga qaytishi kamida yozgi transfer oynasiga qadar qoldirildi. Jamoalar mavsumni avvalgi tarkiblari bilan davom ettirishga majbur.