Kannavaroning yordamchi murabbiylari haqida
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning yordamchi murabbiylari haqida ma’lumot.
Eugenio Albarella — jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy. 1965 yilda Italiya, Neapol shahrida tug‘ilgan. 2010 yilda "Yuventus" klubida faoliyat olib borgan. Bir yil o‘tib, Alberto Zakkeronining murabbiylar shtabiga qo‘shilgan va Yaponiya milliy terma jamoasi bilan birga 2011-yilgi Osiyo Kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Albarella 2016 yilda Xitoyning "Beijing Guoan" klubida ishlagan. O‘sha paytda klub safida o‘zbekistonlik sobiq futbolchi Egor Krimets ham to‘p surgan.
2023–2024 yillarda u Fabio Kannavaroning murabbiylar shtabi tarkibida Italiya "Udinese" klubida faoliyat yuritgan, shuningdek, keyinchalik Xorvatiyaning "Dinamo Zagreb" jamoasida ham ishlagan.
Antonio Kimenti — darvozabonlar murabbiyi. 1970 yil 30 iyun kuni Italiya, Bari shahrida tug‘ilgan. Sobiq professional darvozabon bo‘lib, "Sambenedettese", "Monza", "Salernitana", "Roma", "Lecce", "Kalyari", "Udinese" va "Yuventus" klublarida o‘ynagan. "Yuventus" safida u Gianluigi Buffondan keyingi ikkinchi darvozabon sifatida tanilgan.
Murabbiylik faoliyatini "Yuventus" yoshlar jamoasida boshlagan. Keyinchalik "SPAL", "Sampdoria" va Italiya U-21 terma jamoasida darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat olib borgan.

Francesco Troise — yordamchi murabbiy. U 1972 yil 5 fevral kuni Italiya, Neapol shahrida tug‘ilgan.
UEFAning A toifadagi murabbiylik litsenziyasiga ega. Futbolchilik faoliyatini 1990–1994 yillarda "Napoli" yoshlar jamoasi, shuningdek, "Kasele" va "Potenza" klublarida o‘tkazgan.
2013 yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan. Faoliyatini "Kyevo" va "Uotford" klublarida Giuseppe Sanninoning yordamchisi sifatida boshlagan.
Keyinchalik, "Kataniya", "An-Nasr", "Guangzhou Evergrande", "Benevento", "Udinese", "Dinamo Zagreb" kabi jamoalarda ishlagan. 2016 yildan beri Fabio Kannavaro bilan bir shtabda ishlab kelmoqda.
