Kannavaro tayinlov, Superliga va boshqa masalalarga to'xtaldi
Bugun, 6 oktyabr kuni Milliy futbol markazida O‘zbekiston milliy jamoasi yangi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroni tanishtirish marosimi va matbuot anjumani o‘tkazildi.
"Birinchi navbatda O‘zbekiston mundial ishtirokchisi, Italiya esa hali yo‘llanma olmagan. Mamlakatim uchun afsusdaman, futbol faqat Yevropada emas, butun dunyoda, jumladan, Osiyoda ham shiddat bilan rivojlanmoqda. Osiyo terma jamoalarining saviyasi oshib borayotgani sababli Italiyaga qarshi o‘yin o‘tkazish qiyin emas. Futbol rahbariyati bolalar futboliga e’tibor qaratgan, tizimli rivojlanish uchun mana shunday Milliy futbol markazi qurilgan.
Men 8 yoshimdan beri futboldaman, u men biladigan yagona soha. Umid qilaman-ki, vaqt o‘tib bundan-da rivojlanamiz.
Bir oy oldin bu yerga tashrif buyurdim. O‘shanda hazil tariqasida ishlashga tayyorligimni aytgandim, bu esa amalga oshdi. Albatta, futbolchilarni ham kuzatdim, lekin mashg‘ulotlarda bu yaqqol namoyon bo‘ladi. Bugun futbolchilar bilan ko‘rishdik, ular orasida italyanchada so‘zlasha oladiganlar ham bor. Murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi kommunikatsiya juda muhim. Timur Kapadze bilan ham yig‘inga chaqirilgan futbolchilar masalasida gaplashdik. Mahalliy mutaxassislarning shtabda bo‘lishi tarafdoriman, bu men uchun juda katta yordam beradi. Futbolchilar mentaliteti, mamlakat madaniyatini tez o‘zlashtirish zarur, shu sababli Ravshan Irmatovdan bu haqda o‘zim ham iltimos qildim.
Superliga o‘yinlarini ham kuzatib boraman, aytib o‘tganimdek, futbolchilarni maydonda kuzatish eng yaxshi taassurotni beradi.
Men juda ko‘p chamadon bilan keldim. Maqsadim bu yerda ko‘proq bo‘lish, hattoki velosipedimni ham olib keldim, uni haydashga vaqtim bo‘ladimi, yo‘qmi bilmadim, lekin ko‘proq odamlar orasida bo‘lishni yoqtiraman. Katta ishtiyoq bilan keldim, yoshlar va o‘smirlar jamoalarining o‘yinlarini ham kuzatib boraman, katta ishtiyoq bilan keldim.
Superliga intensivligini oshirish kerak, bu borada rahbariyat bilan gaplashamiz. O‘yin davomida yuqori temp bilan qancha ko‘p harakat qilsak, natijalar yaxshilana boshlaydi. Futbolchilarning tiklanishlari ham juda muhim. Klublardagi murabbiylardan ham iltimos qilardik, futbolchilarning kundalik, haftalik yoki oylik ko‘rsatkichlarini yuborsalar, shunda bizda ularning natijalari o‘sayaptimi yoki aksincha bilish imkoni bo‘ladi. Jahon chempionatidagi temp umuman boshqa daraja, buni ishonch bilan ayta olaman.
Menga 7-8 ta joydan taklif bor edi. Avvalo jamoa mundialga chiqqanligi, bu yerdagi loyihaning jiddiyligi meni taklifni qabul qilishga undadi. Jahon chempionatida o‘ynash qiyinmi, ha, juda qiyin, biroq harakat qilamiz. Agar 8 oyda ham jamoa bilan kommunikatsiya o‘rnata olmasam, demak mendan muammo bor, deb hisoblash mumkin.
Noyabr oyida milliy jamoa Dubaydagi xalqaro turnirda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Biroq shartnoma imzolanmaguncha bu haqda rasmiy ayta olmaymiz", - dedi Kannavaro.