Jozé Mourino: «Eron terma jamoasi Jahon chempionatida ishtirok etishi kerak»
«Benfika» bosh murabbiyi Jozé Mourino 2026 yilgi Jahon chempionatida Eron terma jamoasining ishtirokini qo‘llab-quvvatladi.
«Siyosat bir narsa, sport esa butunlay boshqacha. Eron futbolchilari Jahon chempionatida o‘ynashga haqli va ular turnirda ishtirok etishi kerak», — dedi Mourino La Gazzetta dello Sport bilan intervyusida.
Eron terma jamoasi 2026 yil 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada o‘tadigan turnirda qatnashadi. Jamoa guruh bosqichida Yangi Zelandiya, Belgiya va Misrga qarshi bahs olib boradi.
Avvalroq, Eronda AQSh bilan munosabatlar keskinlashgani sababli turnirda ishtirok etmaslik ehtimoli ko‘rib chiqilgan, shuningdek, uchrashuvlarni AQShdan Meksikaga ko‘chirishga urinishgan. Ammo FIFA taqvimni o‘zgartirmagan. Keyinchalik tashkilot prezidenti Janni Infantino Eronning Jahon chempionatida AQShda o‘ynashini tasdiqladi.