Jo Koul “Chelsi”ni Havertsni “Arsenal”ga sotgani uchun tanqid qildi
“Chelsi”ning sobiq futbolchisi Jo Koul London klubining Kay Havertsni “Arsenal”ga sotish qarorini keskin tanqid qildi. Uning fikricha, “Chelsi” yuqori saviyali futbolchini bevosita raqibiga qo‘yib yuborib, jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan.
Haverts 2023-yilda “Chelsi”dan “Arsenal”ga 65 million funt evaziga o‘tgan edi. 6-sentabr kuni ikki jamoa o‘rtasidagi APL bahsida germaniyalik futbolchi sobiq klubiga qarshi gol urdi va “Arsenal”ning 2:1 hisobidagi g‘alabasida muhim rol o‘ynadi. U 25-daqiqada hisobni tenglashtirdi, keyinroq esa Martin Edegorning g‘alaba goliga olib kelgan hujumda ham faol qatnashdi.
Koul “Chelsi”ning transfer siyosatini tanqid qilar ekan, klub avval Kevin De Bryuyne bilan ham shunga o‘xshash xatoga yo‘l qo‘yganini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, kuchli futbolchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqiblarga berish “Chelsi” kabi klub uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holat.