Jeydon Sancho uchun Dubay klublari katta mablag‘ taklif qilmoqda
Angliyalik futbolchi Jeydon Sancho faoliyatini Birlashgan Arab Amirliklarida davom ettirishi mumkin. Hozirda ‘‘Xetafe’’ bilan muzokara olib borayotgan 26 yoshli vingerga Dubayning ikki klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Ular futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun katta miqdorda maosh taklif qilishga tayyor. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, BAA ikkinchi divizionida ishtirok etuvchi ‘‘Sokoor Al Arab’’ va ‘‘Arabian Falcons’’ klublari Sanchoni transfer qilishni maqsad qilgan. Har ikki jamoa kelajak uchun yirik sport loyihasini shakllantirmoqda va tarkibni kuchaytirish maqsadida katta mablag‘ sarflashga tayyor. Futbolchining vakillari ushbu klublar bilan ham muzokaralar olib bormoqda. Sancho esa barcha takliflarni ko‘rib chiqib, yaqin kunlarda yakuniy qarorini qabul qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, ‘‘Xetafe’’ prezidenti Anxel Torres ingliz futbolchisini jamoaga olib kelish uchun muzokaralar davom etayotganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh murabbiy Xose Bordalas Sanchoning xizmatlariga qiziqish bildirmoqda va klub futbolchiga yakuniy taklifini yuborgan. Biroq Madrid jamoasi moliyaviy imkoniyatlari sabab Dubay klublari taklif qilayotgan maosh bilan raqobatlasha olmaydi. Shunga qaramay, Sancho faoliyatini yuqori saviyadagi chempionatda davom ettirish va avvalgi sport formasini tiklash istagida.
Ma’lumot uchun, 26 yoshli Jeydon Sancho 2026-yil yozida ‘‘Manchester Yunayted’’ bilan shartnomasi yakunlangach, erkin agentga aylangan. Futbolchi o‘tgan mavsumni ‘‘Aston Villa’’ safida ijara asosida o‘tkazgan. U 2021-yilda ‘‘Borussiya Dortmund’’dan Manchester klubiga 85 million yevro evaziga transfer qilingan edi. Hozircha Sancho yangi jamoa bilan shartnoma imzolamagan va uning kelajagi yaqin kunlarda hal bo‘lishi kutilmoqda.