JCh-2026 oʻyinlari uchun chiptalarga boʻlgan talab rekord darajaga yetdi
FIFA prezidenti Janni Infantino 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichi o‘yinlari uchun chiptalarga bo‘lgan talab rekord darajaga yetganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirning o‘zida tashkilotga 150 milliondan ortiq ariza kelib tushgan.
«Atigi 15 kun ichida butun dunyo bo‘ylab Jahon chempionati chiptalarini xarid qilish uchun 150 millionta ariza oldik. Oldindan sotuvga tayyorgarlik jarayonidagi 15 kun davomida har kuni o‘rtacha 10 milliondan so‘rov qayd etildi. Eng faol davlatlar esa AQSh, Germaniya va Buyuk Britaniya bo‘ldi», — deya Infantinoning so‘zlarini keltiradi Footmercato.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi Jahon chempionati uch mamlakatda — AQSh, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadi. Amaldagi jahon chempioni esa Argentina terma jamoasi hisoblanadi.