Javohir Sidiqov: «Jamoda katta o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda...»
Bir necha yillik tanaffusdan so‘ng "Qo‘qon-1912"ga qaytgan Javohir Sidiqov klub matbuot xizmatiga qisqa intervyu berdi.
- Uzoq yillik tanaffusdan so‘ng yana qadrdon jamoamizga qaytdingiz. Umuman olganda, Qo‘qonga qaytish taklifi qachon yuzaga keldi va taklif tushganida birinchi bo‘lib xayolingizga nimalar keldi?
- Assalomu alaykum. Rahbariyat bilan gaplashganimda, ular meni jamoda ko‘rishni istashlarini bildirishdi. "Qo‘qon-1912" jamoasiga hurmatim va mehrim boshqacha. Jamoada faqat yaxshi xotiralar qolgan. Shu sababli sobiq jamoamga qaytishga qaror qildim.
- Sizda Superliganing bir qator jamoalaridan takliflar bo‘lgan edi. Nima uchun aynan Qo‘qonga qaytishni tanladingiz?
- Avvalo, jamoa oldiga yuqori maqsadlar qo‘yilgani ma'qul keldi. Jamoda katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda, shuningdek, avvalroq ta'kidlaganimdek, ushbu jamoaga bo‘lgan mehrim o‘zgacha. Aynan shu jamoa katta futbolda o‘sishimga va yirik futbolchi sifatida shakllanishimga turtki bo‘lgan. Shu sabab yana "Qo‘qon-1912" jamoasining libosini kiyishga qaror qildim.
- Katta tanaffusdan so‘ng Qo‘qonga qaytdingiz. Avval siz bilan o‘ynagan futbolchilardan deyarli hech kim qolmadi. Jamoga moslashishda qanday qiyinchiliklar bo‘ldi?
- Haqiqatan ham tarkib ancha yangilangan, biroq hozirgi futbolchilarning aksariyati bilan yaxshi tanishman. Ular bilan aka-ukadekmiz. Shu sabab yangilangan "Qo‘qon-1912" jamoasiga tezda moslashdim va hech qanday muammoga duch kelmadim, desam bo‘ladi.
- Sizni Qo‘qonda juda katta hurmat qilishadi. Sizni "Qo‘qon Javohiri", ba'zilar esa "qo‘qonlik Messi" deb atashadi. Muxlislarning bu e'tirofi siz uchun nimani anglatadi?
- O‘ynagan barcha jamoalarimda muxlislar bilan yaxshi munosabatda bo‘lganman. Ayniqsa, qo‘qonlik muxlislar bilan. Futbolchilar va jamoalar har doim muxlislarini xursand qilish uchun maydonda to‘p tepishadi. Ishonchim komilki, qo‘qonlik muxlislar har qanday vaziyatda ham bizni yolg‘izlatmaydi va har doim qo‘llab-quvvatlaydi. Muxlislar bilan yana uchrashishni sabrsizlik bilan kutyapman. Umid qilamanki, ular bilan tez orada ko‘rishamiz.
- 2026 yilda terma jamoamiz JCHda ishtirok etadi. Siz aynan Qo‘qonda faoliyat yuritgan vaqtingizda terma jamoaga tez-tez chaqiruv olgansiz. "Qo‘qon-1912"da o‘ynab, yana O‘zbekiston MTJ safiga qaytish niyatingiz bormi?
- Albatta, milliy terma jamoa har doim eng muhim jamoa bo‘lgan, u yerda o‘ynash har bir futbolchining orzusi hisoblanadi. Terma jamoaga yana chaqiruv olib, jamoamiz g‘alabasiga o‘z hissamni qo‘shsam, juda xursand bo‘laman.
- Har bir futbolchining o‘z oldiga maqsadlari bo‘ladi. Javohir Sidiqov yangi mavsum oldidan qanday maqsadlarni belgilab olgan?
- Maqsadlarim oddiy, lekin katta. "Qo‘qon-1912"ning g‘alabalariga munosib hissa qo‘shib, jamoamizni yuqori o‘rinlarga olib chiqish. Albatta, bularning barchasi o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, oldimizda aniq va og‘ir yo‘l turibdi. Bu yo‘lda barchamiz: rahbariyat, murabbiylar, futbolchilar va muxlislar birga bo‘lishimiz kerak. Shunda biz o‘z maqsadimizga yetamiz. Biz futbolchilar shu yo‘lda maksimal harakat qilamiz.