Jamshid Boltaboev: «Babayan tufayli ‘Andijon’ning taklifini qabul qildim»
Yangi mavsumda “Andijon”ning yangi transferlaridan biri bo‘lgan Jamshid Boltaboevni muxlislarga ortiqcha tanishtirish shart emas. Tajribali yarim himoyachini barchamiz yaxshi bilamiz. Jamoaning Antaliya yig‘inida qatnashayotgan futbolchi klub matbuot xizmatiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Samvel Vyacheslavovich qo‘ng‘iroq qildi”
— Assalomu alaykum, intervyuga taklif qilganingiz uchun rahmat. “Burgutlar” safiga qo‘shilishimning asosiy sababi Samvel Babayan. Chunki bu insonni 7-8 yoshimdan beri taniyman. Samvel Vyacheslavovichdan ko‘p narsa o‘rganganman. “Navbahor”da ham 2,5 yil birga ishladik. “Andijon”ga bosh murabbiy bo‘lgach, menga qo‘ng‘iroq qilib, taklif bildirdi. Bu haqida o‘ylab ham o‘tirmadim. “Andijon”ni yaxshi bilaman, ularga qarshi ko‘p o‘ynaganman va o‘zaro uchrashuvlardan yaxshi xotiralar qolgan. Shu sababli ikkilanmasdan taklifni qabul qildim.
“Bu yerdagilar hammasini o‘z vaqtida bajarishyapti”
— Taassurotlarim juda ijobiy. Negaki, bu yerda barcha futbolchilar va xodimlar o‘z vazifasini o‘z vaqtida bajarishyapti. Ko‘p jamoalarda bo‘lganman. Masalan, klub ishchi-xodimlarida ham farq bor-da. Bu yerdagilar esa hammasini o‘z vaqtida bajarishyapti. Har tomonlama rivojlanishga harakat qilinmoqda. Shu sababli hammasi yaxshi va ko‘ngildagidek.
“Endi ‘Andijon’daman”
— Oldin hech vodiyda o‘ynashimni tasavvur qilmagandim. Agar Babayan vodiyda ishlamaganida, balki kelmasdim. Aytilganidek, 2,5 yil “Navbahor”da to‘p surdim, keyin vaziyat sabab “Neftchi”da yarim yil o‘ynadim va yana Namanganga qaytdim. Endi “Andijon”daman va mana, vodiyda uchinchi klubim ham nasib qildi.
“Superligada raqobatchi klublar ko‘paymoqda”
— Jamoamizdagi o‘zgarishlar yaxshi. Superligada ham raqobatchi klublar ko‘paymoqda. Futbolchilarga ham, muxlislarga ham juda qiziq bo‘ladi. Oldiga jiddiy maqsad qo‘ygan jamoalar qancha ko‘p bo‘lsa, o‘yinlar ham shuncha qiziqarli o‘tadi. Chempionat ham ancha ko‘tarinki kayfiyatda bo‘ladi. Har tomonlama o‘sish kuzatiladi.
“Tarkib bo‘yicha qarasak ham bemalol maqsadga erishsak bo‘ladi”
— Yangi jamoa shakllanyapti. Tarkib bo‘yicha qarasak ham, bemalol oldimizga qo‘yilgan maqsadga erishishimiz mumkin. Hamma bir yoqadan bosh chiqarib, umumiy maqsad sari hamjihatlikda harakat qilsa, hammasi yaxshi bo‘ladi.
“Men uchun raqam ahamiyatsiz”
— 14-raqamda o‘ynardim. Lekin u band ekan. 8-raqamni tanladim. Jizzaxda ham 14 dan 8-raqamda to‘p surganman. Bu men uchun begona emas. Lekin men uchun raqam ahamiyatsiz, shunchaki bo‘sh bo‘lgani uchun oldim.
“Asosiy vazifamiz bor va uni bajarishga harakat qilamiz”
— Muxlislarning talabchan bo‘lgani yaxshi. Biz maydonga tushganimizda o‘z ishimizni qilamiz. Bor kuchimizni sarflab, faqat g‘alaba uchun kurashamiz. Hammasi yaxshi bo‘lsa, muxlislarni ham xursand qilamiz va o‘zimiz mo‘ljallagan natijaga erishamiz. Futbol muxlislar uchun o‘ynaladi. Asosiy vazifamiz bor va uni bajarishga harakat qilamiz.
“‘Andijon’ bilan ham juda qiziqarli bo‘ladi”
— Bu yil 30 yoshga kiraman. Faoliyatimning bu bosqichini men uchun yana bir yangi chaqiriq deb bilaman. “Andijon”ning maqsadi jiddiy va yuqori o‘rinlar uchun kurashadi. Shu sababli “Andijon” bilan ham juda qiziqarli bo‘ladi.
“Ilk turda uyimizda muxlislarimiz qarshisida o‘ynashni xohlar edim”
— Dastlabki turda kimga qarshi bo‘lishidan qat’iy nazar, muxlislarimiz qarshisida o‘ynashni juda xohlar edim. Uyimizdagi birinchi o‘yin va ochilish bahsida g‘alaba bilan ishqibozlarni quvontirsak, zo‘r bo‘lardi. Keyingi bosqichlar ham g‘alaba ruhida davom etardi. Raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar, kuchli jamoalar ko‘p. Oldindan biror narsa deyish qiyin, lekin aniq 3-4 nom bor. Ular orasida biz ham bor. “Neftchi”, “Nasaf”, “Paxtakor” kabi jamoalarga biz ham raqobat qila olamiz.