Ivan Boskovich: «Futbolchilarga e’tirozim yo‘q, bir ochkoni haqli qo‘lga kiritdik»
Superliganing 3-turi doirasida bo‘lib o‘tgan OKMK — “So‘g‘diyona” (2:2) uchrashuvidan so‘ng jizzaxliklar bosh murabbiyi Ivan Boskovich matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— O‘yin haqida fikringiz?
— Har doimgidek OKMK va “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi uchrashuv yana qiziqarli o‘tdi. Muxlislar haqiqiy futbol tomoshasiga guvoh bo‘lishdi, deb o‘ylayman. Intriga o‘yin oxirigacha saqlanib qoldi. Rejaga asosan harakat qildik va birinchi golni urdik. Shundan keyin raqib bosimi kuchaydi, havodan ko‘p to‘p uzatildi, qanot va markazdan uzatmalar kuzatdik. G‘alabani saqlab qola olmadik, lekin oxirigacha kurashdik. Futbolchilarga e’tirozim yo‘q, bir ochkoni haqli qo‘lga kiritdik. FIFA kunlariga qadar yana bitta o‘yinimiz qoldi, shu bellashuvni ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishga harakat qilamiz.
— Qiziqarli o‘yin uchun sizga ham rahmat. Savolim shunday: Lyupcho Doriev almashtirilishi nima bilan bog‘liq? Chunki usiz jamoa o‘zgarib qoldi.
— Kichik jarohat yuz berdi. Shu sababli futbolchimizning holati bilan tavakkal qilmoqchi bo‘lmadi. Oldinda “Paxtakor”ga qarshi muhim bahs kutmoqda, shuning uchun Dorievni almashtirdik va keyingi o‘yinga saqlashga qaror qildik. Dorievsiz ham jamoa o‘ynashda davom etdi. Gol urdik. To‘g‘ri, Doriev biz uchun muhim futbolchi, uning o‘yinchilik mahoratini inkor eta olmaymiz, lekin futbolni butun jamoa o‘ynaydi.
— Jamoangiz o‘tgan yilgiday mavsumni yomon boshladi. Uchta o‘yinda atigi bir ochko va bir necha gollar o‘tkazib yuborildi. Bu nima bilan bog‘liq?
— Bundan afsuslanishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman. Hali oldinda ko‘plab o‘yinlar bor. Hamma jamoaning o‘z muammolari bor. Jarohatlar xalal bermoqda: Qahramonov, Ivanovichda jarohat bor. Qobilov qizil kartochka oldi. Biz uchun barcha futbolchilar qadrli, zaxiradagilar ham. Shuning uchun norozilik bildirmoqchi emasmiz. Hamma o‘z ishini qilmoqda. Rahbariyat bizga eng yaxshi sharoitlarni yaratishga harakat qilmoqda. Taslim bo‘lganimiz yo‘q.
— Mirkovich uch o‘yinda 8 ta gol o‘tkazdi. Unga keyingi uchrashuvda ham ishonasizmi? Umuman, jamoada darvozabonlar o‘rtasida raqobat qanday?
— Darvozabon uchun gol o‘tkazmaslik eng yaxshi, degan gap bor. Buni yaxshi bilamiz. Lekin maydonda golni butun jamoa o‘tkazadi, faqat darvozabon emas. Men ham ko‘p yillar futbol o‘ynaganman, maydonda nimalar bo‘layotganini yaxshi tushunaman. Mirkovich — yaxshi darvozabon, u moslashuv jarayonini boshidan kechirmoqda. Bu tabiiy holat. Vaxti kelib u ham o‘zini ko‘rsatadi, mana ko‘rasiz. Yaxshi natijalar, albatta, bo‘ladi. Shov-shuv ko‘tarmaslik kerak, ishlashda davom etsak, hammasi yaxshi bo‘ladi.