Ispaniyada Yamal va Mbappening “Oltin to‘p” kampaniyasi tanqid qilindi
Ispaniyalik jurnalist Mariya Trisak Lamin Yamal va Kilian Mbappening “Oltin to‘p” uchun o‘z nomzodlarini faol targ‘ib qilayotganini tanqid qildi. Uning fikricha, Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu o‘zlarining eng kuchli davrlarida ham sovrinni qo‘lga kiritish uchun bu darajada ommaviy kampaniya olib bormagan. Bu haqda El Chiringuito TV xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Trisak Ronaldu ko‘p marta o‘zini dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb ataganini, biroq portugaliyalik yoki Messi tomonidan “Oltin to‘p”ni talab qilishga o‘xshash chiqishlarni ko‘rmaganini ta’kidlagan. Jurnalist, shuningdek, Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuentening ham o‘z futbolchilari foydasiga faol fikr bildirayotganiga e’tibor qaratgan.
So‘nggi haftalarda Yamal va Mbappe sovrin uchun o‘z imkoniyatlari haqida bir necha bor ochiq gapirdi. Yamal o‘zini Mbappe bilan birga dunyoning ikki eng yaxshi futbolchisidan biri deb bilishini va joriy yilda mukofotga loyiq ekanini aytgan. Mbappe esa o‘tgan mavsumda o‘zidan yaxshiroq o‘yinchi ko‘rmaganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi faoliyati davomida “Oltin to‘p”ni rekord darajadagi 8 marta, Krishtianu Ronaldu esa 5 marta qo‘lga kiritgan. Lamin Yamal ham, Kilian Mbappe ham hozircha ushbu sovrinni yutmagan. 2026-yilgi “Oltin to‘p” g‘olibi 26-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan taqdirlash marosimida aniqlanadi.