Islom Toʻxtaxoʻjayev: Bir oila boʻlib maqsadimizga erishamiz, degan niyatdaman
“Andijon” klubiga taklif etilgan tajribali futbolchilardan biri Islom Toʻxtaxoʻjayev ham jamoaning Antaliyadagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinida faol ishtirok etmoqda. Klub matbuot xizmati esa Toʻxtaxoʻjayevdan intervyu oldi.
- Islom, “Andijon” jamoamizga xush kelibsiz!
- Rahmat.
- Dastlab taklifni qabul qilishingiz sabablari haqida oʻrtoqlashsangiz.
- “Andijon”dan taklif kutilmaganda boʻldi. Sababiga kelsak, muxlislar. Har qanday futbolchiga bunday ishqibozlar qarshisida oʻynash yoqimli boʻladi. Samvel Babayan bilan gaplashganimdan keyin bu yerga oʻtishga ishonch hosil qildim. Chunki jamoani maqsadi juda yuqori. Xudo xohlasa, oʻylagan niyatlarimizga yetaylik va chempion boʻladigan jamoa boʻlish nasib qilsin.
- Yangi oilaga keldingiz va ilk taassurotlar qanday?
- Barcha futbolchilar bilan tanishmiz. Asosiy maqsad “Andijon” muxlislarini xursand qilish va ularni doimo gʻalabalar bilan quvontirish.
- Antaliya yigʻinida ishtirok etyapsiz va bu borada nima deya olasiz?
- Tayyorgarlikda hozircha asosan jismoniy holatga eʼtibor qaratilyapti. Sharoitlar yaxshi, ajoyib maydonlarda shugʻullanyapmiz.
- Qoʻyilgan jiddiy maqsadga yarasha tarkib ham kuchaytirilyapti. Oʻzgarishlarga qanday munosabatdasiz?
- Mahoratli futbolchilar va iqtidorli yoshlar ham taklif qilinyapti. Bir oila boʻlib maqsadimizga erishamiz, degan niyatdaman. Xursandman, yaxshi oʻyinchilar yigʻilyapti.
- Siz orqali himoya chizigʻi yanada kuchaytirilishi turgan gap. Shuning uchun sizga boʻlgan ishonch va masʼuliyat katta.
- Masʼuliyat bilan oʻynash yoqimli, professional futbolda va ayniqsa oʻzimga. Aynan masʼuliyat va muxlislarning bosimi ostida toʻp surish ancha yoqimli boʻladi. Eng oliy maqsad uchun kurashamiz. “Andijon” jamoamizni muvaffaqiyatli yoʻlida yoshlarga qoʻlimizdan kelganicha yordam berishga harakat qilamiz.
- “Andijon”da toʻp surishingizni faoliyatingizda qanday bosqich deb hisoblaysiz?
- Jamoani oldiga qoʻyilgan maqsad oliyligi uchun ham bu qarorim toʻgʻri. Chunki doim yuqori oʻrinlar uchun kurashadigan klublarda oʻynab oʻrganganman. Xudo xohlasa, stadion toʻla muxlislar bilan oʻynash nasib qilsin. Yoshlarga ham yoʻl koʻrsatamiz va chempionlik harakterini singdirishimiz kerak. Murabbiylar koʻrsatmasini toʻliq bajarishga hamma bor kuchi bilan, yurakdan harakat qilsa, Xudoim ham toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadi va natijasini ham beradi. Asosiysi, murabbiylarni koʻrsatmasini toʻgʻri bajarsak, barchasi toʻgʻri boʻladi.