locale OZ

Islom Ismoilov: \"Osiyo chempioni sifatida istalgan jamoaga raqobat qila olamiz\"

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Islom Ismoilov: "Osiyo chempioni sifatida istalgan jamoaga raqobat qila olamiz"
PHOTO: Telegram

U-17 Jahon chempionati qur’asi natijalariga ko‘ra O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Paragvay, Panama va Irlandiya bilan bir guruhdan joy oldi. Qur’a marosimidan so‘ng, jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilov musobaqa va raqiblar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Har uchala raqib ham o‘z mintaqasining kuchli vakillari sanaladi va bu turnirga munosib tarzda yo‘l olishgan. Shu bois har bir o‘yinga alohida va puxta tayyorgarlik ko‘ramiz.

Paragvay — Janubiy Amerikaning jismoniy kuch, intizom va texnika uyg‘unligi bilan ajralib turadigan jamoasi. Ular hech qachon kurashdan chekinmaydi. Panama esa CONCACAF mintaqasida yildan-yilga o‘sib kelayotgan futbol maktabiga ega. Ularning o‘yin uslubi tezlik, qarshi hujum va yuqori pressingga asoslangan. Irlandiya klassik Yevropa futboli vakili bo‘lib, kuchli shakllangan o’yin va intizom bilan ajralib turadi.

Shubhasiz, guruhdagi barcha jamoalar kuchli. Bu bosqichda oson raqib yo‘q. Ammo biz ham Osiyo chempionlari sifatida ushbu musobaqada shunchaki ishtirok uchun emas, balki istalgan jamoaga qarshi raqobat ko‘rsatish, o‘z salohiyatimizni namoyon etish va yurtimiz nomini munosib himoya qilish uchun harakat qilamiz

Jamoamizda ishonch bor, so‘nggi yillarda katta tajriba orttirgan, bir qator og‘ir bahslardan o‘tgan va endi har bir o‘yinga chuqur tahlil, aniq reja hamda yuksak ruhiy tayyorgarlik bilan chiqadi. Bor e’tiborimizni raqiblarni chuqur o‘rganishga, iqlim va muhitga moslashishga, shuningdek futbolchilarimizni ruhiy va taktik jihatdan eng yuqori darajada tayyorlashga qaratamiz. Yurtimiz bayrog‘ini jahon miqyosida yuqori ko‘tarish va futbol muxlislariga quvonch ulashish biz uchun sharafdir”, deya ta'kidladi Islombek Ismoilov.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting