Islom Ahmedov: «Tayyorgarlik jarayonida yana 10 kun vaqtimiz bor»
Minksda yozgi yig‘inini o‘tkazayotgan «Andijon» klubi bugun dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvini mahalliy «Krumkachi»ga qarshi o‘tkazdi. Gollarga boy o‘tgan o‘yinda andijonliklar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘rtoqlik o‘yinidan «Andijon» bosh murabbiyi Islom Ahmedov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Islom G‘ulomovich, «Andijon» Minsk yig‘inidagi ilk o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi. Taassurotlaringiz qanday?
- Uzoq tanaffusdan keyingi birinchi o‘rtoqlik o‘yinimiz. Baribir shu narsa o‘yin kechishiga ta’sir qildi. O‘yin natijasi qoniqarli, ammo hali ishlaydigan kamchiliklarimiz ko‘p. Raqib biz o‘ylagandan ko‘ra yaxshiroq jamoa ekan. Ochig‘i, bunday o‘yin ko‘rsatishlarini kutmagandik. Bizga yaxshi raqobat ko‘rsatishdi. Qanday kamchiliklar ustida ishlashimiz kerakligini ko‘rsatib berishdi.
- Ikkala bo‘limda ikki xil tarkibni ko‘zdan kechirdingiz. Futbolchilarni harakatlari xususida nimalar deya olasiz?
- Birinchi bo‘limda 0:0 kuzatildi va yigitlarda muvozanat, hammasi joyida edi. Hisobni ochganimizdan keyin bu hol bizni biroz bo‘shashtirdi. Shu hisobiga gollar o‘tkazib yubordik. Yigitlar biroz muvozanatni yo‘qotib qo‘yishdi. Albatta, ikkinchi bo‘limdagi futbolchilar ham astoydil harakat qilishdi. Ularga 30 daqiqa o‘ynashgani hisobiga o‘z imkoniyatidan foydalanishga vaqt yetmadi. Bugun 30 daqiqa uchun maydonga tushganlar ertaga 60 daqiqa o‘ynashadi. Bizni tayyorgarlik yig‘inimizda barchasi rejalashtirilgan. Hammaga teng o‘yin amaliyoti bermoqchimiz, barchani bir xil formada ushlab turish uchun.
- Yig‘indan har tomonlama qoniqib boryapsizmi?
- Ishlashda davom etyapmiz. Tayyorgarlik jarayonida yana 10 kun vaqtimiz bor. Shu vaqt davomida tayyorgarligimiz qanchalik ketayotganini ko‘rib boramiz. Hozirgi kamchiliklarimiz ustida ishlab, oxirgi o‘yinlardan keyin qanchalik ko‘nglimiz to‘ldi yoki to‘lmaganini aytishimiz mumkin», - deya Ahmedovning so‘zlaridan keltiradi, Tribuna.uz muxbiri.