Iskandar Shoqulov: \"Ko‘p ochko yo‘qotdik. Umid qilamanki, tez orada hammasi joyiga tushadi\"
Hozirda "Andijon" jamoasi Tojikistonning Xo‘jand shahrida yig‘in o‘tkazmoqda.
FIFA kunlari boshlanganidan “Burgutlar” unumli foydalanib qolish uchun ham ushbu yig‘in tashkil etildi. Maksim Shatskix boshchiligida barcha futbolchilar mashg‘ulotlarda astoydil, katta mehnat ostida ishlashmoqda. Klub matbuot xizmati jamoaning tajribali futbolchilaridan biri Iskandar Shoqulovga ushbu yig‘in borasidagi ayrim savollar bilan murojaat qildi.
- Iskandar, “Andijon” chempionatdagi kichik tanaffusdan foydalanib, Tojikistonda yig‘in boshladi. Ayt-chi, taassurotlar qanday va buning chempionat mobaynida qaysi jihatdan effekti seziladi, deb o‘ylaysiz?
- Taassurotlar har doimgidek a’lo darajada. Yangi murabbiy ish boshlagan kundan yakka kurashlarga katta e’tibor qaratmoqda. Bu borada jismoniy tayyorgarlik ko‘rish uchun Tojikistondagi sharoitlar ham juda yaxshi. Natijasi yaqin kunlarda seziladi, deb o‘ylayman.
- Jamoa endilikda Maksim Shatskix boshchiligida o‘ynamoqda va siz ilk bor ushbu mutaxassis qo‘l ostida to‘p suryapsiz. Qanday o‘zgarishlarni sezyapsiz?
- Ha, birinchi marta birgalikda ishlayapman. Har bir murabbiyning o‘z o‘yin sur’ati bor. Bu borada murabbiyimizning uslublaridan biri yakka kurash hamda tezkor hujumga o‘tish. Hozirda butun e’tibor shu jihatlarga qaratilgan. O‘ylaymanki, murabbiyimizning bizga qo‘ygan talablarini bekamu ko‘st bajarishga harakat qilyapmiz va buning samarasi o‘yinlar davomida ko‘rinadi.
- Birinchi davra yakunigacha 4 ta tur qoldi va bo‘ljak uchrashuvlar jamoa uchun juda muhim. Bu haqida siz nima degan bo‘lardingiz?
- Juda ko‘p ochko yo‘qotdik. Kerak bo‘lmagan gollarni o‘tkazdik. Endi bu yo‘qotilgan ochkolar o‘rnini qolgan turlarda to‘ldirishga butun e’tiborimizni qaratamiz. Barchamiz bo‘ljak uchrashuvlarning ahamiyati qanchalik muhimligini sezib turibmiz. Umid qilamanki, hammasi o‘z o‘rniga tushib ketadi.
- Oldinda "Andijon"ni OCHL bahslari kutyapti. Muxlislar ham bo‘ljak muhim musobaqani intiqlik bilan kutmoqdalar. Jamoani OCHLda qanday tasavvur qilyapsiz?
- Barchamiz intiqlik bilan kutyapmiz. Yangi taassurotlar, yangi darajadagi futbolchilar, juda qiziq bo‘ladi, o‘zim uchun ham, jamoamiz uchun ham. Muxlislar kutgan o‘yinni ko‘rsatishga harakat qilamiz va ijobiy natijalar bilan xursand qilamiz, degan umiddaman.
- Yaqinda soch turmagingizni o‘zgartirdingiz. Bungacha siz o‘ziga xos soch turmagi bilan ajralib turardingiz...
- Kunlar isib ketdi. Issiqda esa bu sochni eplash juda qiyin (kuladi).