locale OZ

Ilyos Zeytullayev: «Qiyin vaziyatda jamoa borini berib o'ynaydi»

"Bunyodkor" bosh murabbiyi o'yin haqida o'z fikrini bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Ilyos Zeytullayev: «Qiyin vaziyatda jamoa borini berib o'ynaydi»
Фото: Бунёдкор ПФК

"Bunyodkor" - "Andijon" (1:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumani ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev ishtirok etdi.

- O'yinni ko'rdinglar, birinchi taymda "Bunyodkor" yomon o'yin ko'rsatmadi. Maydonning barcha qismida yaxshi harakat qildi. "Andijon" ham ijobiy taassurot qoldirdi va ular motivatsiya bilan o'ynashdi. Ular chempionatdagi o'rnini saqlab qolish uchun kurashishdi. Bunday holat bizda ham bo'lgan. Qiyin vaziyatda jamoa borini berib o'ynaydi. "Andijon"ni g'alaba bilan tabriklayman. Superligada to'g'ridan-to'g'ri qolgani va kelgusi yillarda kuchli jamoa sifatida shakllanishini tilayman. O'z yigitlarimni mavsumni yaxshi o'tkazgani bilan tabriklayman. Bizning ko'rsatmalarimizni ortig'i bilan bajarishdi. Murabbiy sifatida ularning mehnatini olqishlayman. Biz mavsumni munosib o'tkaza oldik. O'ylaymanki, o'yinchilar meni tushunishyapti. Yaxshi mehnat qilishgani uchun rahmat aytaman. Rahbariyatga ham minnatdorligimni bildiraman.

- Mavsumdan qoniqqanligingizni aytyapsiz. Lekin qaysidir jihatlaridan ko'nglingiz to'lmagan holatlari ham bo'ldimi?

- Aytishim mumkinki, hali o'tirib barchasini muhokama qilish imkoni bo'ladi. Xato va kamchiliklarimiz bo'ldi. Biz yanada zo'r bo'lishimiz ham mumkin edi. Bir qator muammolar ham kuzatildi. Lekin umumiy ma'noda yaxshi va maydonda, maydon tashqarisida jamoa yakdil bo'lib ijobiy tomonini ko'rsatdi. Biz kichkina yo'lni bosib o'tmadik. O'zbekiston chempionatida 5-o'rinni egallash ham yomon ko'rsatkich emas. Kuchli uchlikda yakunlagan klublar o'zbek futbolining gigantlari hisoblanadi. O'ylaymanki, "Dinamo" ham kuchlilar qatoriga qo'shildi. Undan keyin esa biz egalladik. Xulosa chiqarib ishimizga jiddiy yondashamiz. Rahbariyat bilan gaplashamiz. Qaerda xato qilganimizni ko'rib chiqamiz. Tarkibimizga yosh o'yinchilarni qo'shdik. Bu jamoaga poydevor vazifasini bajarib beradi. Ularga imkoniyat beryapmiz. Albatta, bu jarayonlar oson bo'lmayapti.

- Turnir jadvalidan kelib chiqib aytganda, o'z ishingizga qanday baho berasiz?

- Boshqalar baho bergani yaxshi. G'alabalar barchaning mehnati. O'yinchilarsiz yoki murabbiylarsiz buni tasavvur qilish qiyin. Birinchi o'ringa jamoani qo'yaman. Oldimdagi media xodimimizni, oshpazlarni, massajchilarni, ishlayotgan barcha insonlarni ham ta'kidlab o'taman. Albatta, meni ish ham oson emas. Rahbariyatga va barchaga minnatdorligimni bildiraman. Akademiyamizga ham iqtidorlarni yetishtirib berayotgani uchun rahmat. Barchasini men bajardim, desam noto'g'ri bo'ladi. Hammasini birgalikda bajardik.

- Keyingi mavsumda jamoa kuchli uchlikka harakat qiladimi? Ya'ni, kuchli uchlikka kiradigan "Bunyodkor"ni ko'ramizmi?

- Savolni berib, javobini ham o'zingiz beryapsiz. Bu savolni rahbariyatga bergan ma'qulroq. Top darajadagi futbolchilarni qanday jamoalar sotib olayotganini ko'rib turibmiz. Evropaning grandlari mavsum boshida top futbolchilarni tarkibiga qo'shib oladi. Biz o'z yo'limizda ketishimiz kerak. Yaxshi poydevor qo'ygan holda aniq maqsad sari odimlashimiz lozim.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting