Ilhom Hamroyev: «Xorij yig‘ini milliy jamoa uchun har doim foydali bo‘lib kelgan»
O‘zbekiston futzal milliy jamoasi Yevropadagi yig‘inni 4 ta uchrashuv bilan yakunladi. Ma’lumki, milliy jamoa jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni doirasida Yevropada o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazdi.
Yig‘in davomida jamoa Niderlandiya va Vengriya futzal milliy jamoalariga qarshi jami 4 ta nazorat uchrashuvi o‘tkazib, xalqaro maydonda muhim tajriba to‘pladi.
Yig‘in doirasida milliy jamoamiz yarim himoyachisi Ilhom Hamroyev Tribuna.uz saytiga o‘z fikrlarini bildirdi.
— Niderlandiyaga qarshi o‘yinlar jamoa uchun qanday o‘tdi?
— Niderlandiya juda yaxshi shakllangan jamoa. Buni jahon chempionatida ham ko‘rganmiz. Shunga qaramay, ularga qarshi ikkita juda yaxshi o‘yin o‘tkazdik. Raqibni nazorat qila oldik, faqat o‘zimizdagi vaziyatlardan foydalana olmaganimiz uchun mag‘lub bo‘ldik, deb o‘ylayman. Ular esa, aksincha, o‘zlarida bo‘lgan imkoniyatlardan unumli foydalanishdi. Ehtimol, vaziyatlarimizdan foydalanganimizda, bunday natija bo‘lmasligi mumkin edi.
— Vengriyaga qarshi uchrashuvlar haqida qanday fikrdasiz?
— Bilasizmi, Vengriyaga qarshi ikkita turli xil bahsni o‘tkazdik. Aytaylik, birinchi o‘yinda ko‘p vaziyatlar bo‘lmadi. Lekin yakka kurashlarda yutqazib qo‘yganimiz sabab raqib bundan unumli foydalandi. Birinchi uchrashuvda ancha yaxshi harakat qilgandik. Raqibga qaraganda ancha sifatli va chiroyli o‘yin ko‘rsatgandik. Ikkinchi bahsda esa aksi bo‘ldi.
— Xorij yig‘ini jamoaga qanchalik foydali bo‘ldi?
— Albatta, juda foydali bo‘ldi. Nima ustida ko‘proq ishlashimiz kerakligi, qaysi jihatlarga e’tiborimizni qaratishimiz zarurligini bilib oldik. Endi shu kamchiliklar ustida astoydil mehnat qilamiz. Odatda, xorijdagi yig‘inlar milliy jamoa uchun har doim foydali bo‘lib kelgan.
— Oliy ligada jamoangiz qanday maqsadlar bilan ishtirok etmoqda?
— Jamoamiz chempionlikni maqsad qilgan. Xudo xohlasa, shu maqsad yo‘lida har bir o‘yinda ochko uchun kurashamiz. To‘g‘ri, bu oson bo‘lmaydi. Lekin biz yuqori maqsadlarni ko‘zlab, unga bosqichma-bosqich yetib borishga harakat qilamiz. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
— Bu yil chempionlik uchun kimlarni asosiy da’vogar deb hisoblaysiz?
— Barcha jamoalar kuchli. Shuning uchun bir-ikkita jamoani alohida ko‘rsatish noto‘g‘ri bo‘ladi. Hozirda hamma jamoada ijobiy natijalar qayd etish uchun imkoniyatlar bor. Fikrimcha, bu yilgi chempionat bahslari avvalgilariga qaraganda ancha qiziqarli va murosasiz kechadi.