locale OZ

Humoyunmirzo Iminov: «Bosh murabbiy o'zgargach, o'yin taktikamiz ham o'zgardi»

Futbolchi Tribuna.uz nashrining bir qator savollariga javob qaytardi.
Futbol
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Humoyunmirzo Iminov: «Bosh murabbiy o'zgargach, o'yin taktikamiz ham o'zgardi»
photo: Andijon fk

Chempionatni garchi g'alaba bilan boshlab, keyinchalik omadsiz o'yinlar o'tkazgan va so'ngra murabbiy o'zgargach, natijalari ijobiy ko'rinish olgan «Andijon» klubi yozgi ta'tildan qaytgan holda birinchi davraning qolgan turlari va ikkinchi davra uchun o'z qarorgohida tayyorgarligini davom ettirmoqda.

Tarkibda mahoratli futbolchilar yig'ilgan va ular muxlislarini xursand etib kelmoqda. Tabiiyki, yozgi yig'indan keyingi mavsumni ham ko'tarinki kayfiyatda o'tkazishni maqsad qilishgan.

Jamoaning ajoyib yarim himoyachilaridan biri Xumoyunmirzo Iminov ham «Burgutlar» safida astoydil mashg'ulotlarda faollik ko'rsatmoqda. Futbolchi esa Tribuna.uz nashrining bir qator savollariga javob qaytardi.

- Xumoyunmirzo, yozgi ta'til qanday o'tdi?

- Yozgi ta'til juda zo'r o'tdi. Qancha ko'p dam bo'lganiga qaramay, oilam bilan birga bo'lganim uchun hammasi tez o'tdi. Biror joyga borishni rejalashtirmagandim. Asosan oila davrasida o'tkazdim.

- Bu safar ilk bor birinchi davra bilan ikkinchi davra ulanib ketadi. Hozirgi ta'tildan keyin boshqa ta'til yo'q. Bu holatga nima deysiz?

- Aytganingizdek, birinchi marta shu holat bo'lishi. Bu bizning yaxshi natijaga erishishimiz uchun foydamizga bo'ladi, degan umiddaman. O'ylaymanki, buni bizga farqi yo'q. Ikkinchi davraga puxta tayyorlanish uchun o'z ustimizda ishlash borasida biz uchun qo'shimcha vaqt.

- Ortda qolgan 11 turdan so'ng taassurotlaringiz qanday?

- Yaxshi boshlagandik, keyin omad yetishmadi, deb o'ylayman. Keyinchalik esa vaziyatni o'zgartira oldik. Hamma borini berib harakat qildi.

- Mavsum boshida kelganingizda ortiqcha vaznga ega edingiz. Qishki yig'inda esa ozdingiz. Qiyin bo'lmadimi?

- To'g'ri, boshida qishki yig'inga kelganimda ortiqcha vazn bor edi. To'g'risini aytsam, oson bo'lmadi. Qiyin mashg'ulotlarda oldingi vaznimga qaytishga erishdim. Endi shu vaznni ushlab qolishim kerak.

- Bosh murabbiy o'zgargach, natijalar ham ijobiy tarafga o'zgardi. Murabbiy sizlarni qanday ruhlantirdi?

- Birinchi murabbiy qo'ldan kelganini qildi, deb o'ylayman. Menimcha, omad yetishmadi. Bosh murabbiy o'zgargach, o'yin taktikamiz o'zgardi, ko'p narsalar o'zgardi. Ijobiy natijalarimiz bardavom bo'lsin.

- Klub bazasi haqida tasavvuringiz qanday edi va hozirda fikringiz qanaqa?

- Klub bazasiga keladigan bo'lsak, men yangi baza haqida dastlab videoda ko'rgandim. Juda ajoyib. O'zbekistonda bunday bazalar kam. Futbol uchun, o'yinchilar uchun hamma sharoit yaratilgan. Mana shunday bazalar ko'payishini xohlardim.

- Milliy jamoamiz ilk bor mundialda qatnashadi. Tarixiy uchrashuvlardan nimalar kutyapsiz?

- Ha, birinchi marta mundialda qatnashyapmiz. Buni uzoq yillar davomida kutdik. Xudo xohlasa, yaxshi natija, chiroyli o'yinlar kutyapman. Hammaga omad tilayman. O'zbekistonga muxlislik qilamiz va qo'llab-quvvatlaymiz. Jamoamizga g'alabalar tilab qolaman.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting