Hakamlardan biroz ranjidim, jamoam o‘yinidan qoniqdim – Vadim Abramov
«Zenit» – «Dinamo» (1:0) o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng "Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov klub matbuot xizmatiga intervyu berib, Rossiyaning 10 karra chempioniga qarshi bahsdan olingan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Dinamo" birinchi bo‘limda tengkurash namoyish qilgan bo‘lsa, ikkinchi taymda o‘yinda raqibidan ustunlik qildi, biroq vaziyatlardan foydalana olmadi.
"Zenit" bilan o‘yin – yaxshi sparring bo‘ldi. Yutqazganimizga faqat o‘zimiz aybdormiz. O‘yinda hakamlik biroz ranjitdi. Gap kimnidir qo‘llab-quvvatlashda emas, u ikki jamoaga ham to‘liq o‘ynashga imkon bermadi. Yaxshiyamki, hammasi mushtlashuvgacha yetib bormadi. Umuman olganda esa o‘zimizning kuchli jihatlarimiz va kamchiliklarimizni anglab oldik. Birinchi bo‘limdagi vaziyatlardan unumli foydalanganimizda hisob boshqacha bo‘lardi. Albatta, "Zenit"ning nomi ham futbolchilarimizga biroz ta’sir qildi.
Umuman olganda birinchi bo‘limdagi o‘yindan qoniqdim, ikkinchi bo‘limda esa ko‘plab yosh futbolchilarga imkon berdik. Xulosalar chiqaramiz va ishlashda davom etamiz.
Pozitsiyalar bo‘yicha yigitlarga e’tirozim bormi? Yo‘q, umuman olganda hammasi joyida. Bitta o‘yin hech narsani o‘zgartirmaydi. O‘yindan qoniqdim, kamchiliklar mana shunday kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlarda ko‘rinadi, bu biz uchun xulosa. Mana shunday o‘yinlar orqali 28-fevral kungi 1-tur o‘yini uchun asosiy tarkibimizni aniqlab boramiz», – dedi Vadim Karlenovich "Zenit" bilan uchrashuvdan keyin.