locale OZ

Hakamlar akademiyasi rasman ish boshladi

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Hakamlar akademiyasi rasman ish boshladi
FOTO: UzbekistanFA

O‘zbekiston futbol hakamligi tizimini yangi bosqichga olib chiqish, yosh hakamlarning nazariy bilimlari va amaliy tajribasini oshirish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Hakamlar akademiyasi tashkil etildi.

Bugun “Chig‘atoy” sport bazasida O‘FA rahbariyati, tajribali instruktorlar hamda istiqbolli yosh hakamlar ishtirokida akademiyaning rasmiy ochilishi munosabati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirokchilarga akademiyaning asosiy vazifalari, o‘quv dasturlari hamda yosh hakamlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov o‘z nutqida ushbu loyiha nafaqat yurtimizda, balki mintaqada ham futbol hakamligining taraqqiyotida muhim o‘rin egallashini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, ilgari amalga oshirilmagan bu tashabbus mamlakatimiz hakamlik tizimini jahon standartlariga moslashtirishga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

“Futbol hakami har bir qoida, har bir tafsilotni mukammal bilishi, doimo o‘z ustida ishlashi zarur. Hakamlik – bu nafaqat bilim, balki fidoyilik va yuksak mas’uliyatni talab qiladigan kasb”, - dedi Ravshan Irmatov.

Hakamlar akademiyasi yosh mutaxassislarga xalqaro maydonlarda o‘yinlarni boshqarish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va malakalarni shakllantirishda, ularning kasbiy rivojida muhim rol o‘ynashi kutilmoqda. Bu esa o‘z navbatida o‘zbek futbolining nufuzi va sifati oshishiga xizmat qiladi.

Yangi Akademiya nafaqat o‘quv markazi, balki yosh hakamlar uchun tajriba almashish, tahlil qilish va doimiy o‘sish uchun imkoniyat taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, akademiyadagi ta’lim jarayoni 6 ta moduldan iborat bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlar orqali saralab olingan 25 nafar hakamlar 6–12-may kunlari o‘quv kursining 1-modulida ishtirok etishadi.

O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan hakamlar Birinchi liga, Proliga, Superliga va OFK tasnifidagi turnirlarni boshqarish uchun tavsiya etiladi.

Nasrullo Karimov
Nasrullo Karimov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting