locale OZ

Gulistonga katta futbolni qaytarish yo‘lida amaliy harakatlar boshlandi

Klub uy uchrashuvlarini Yangiyer shahrida o‘tkazadi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Gulistonga katta futbolni qaytarish yo‘lida amaliy harakatlar boshlandi
Фото: UzPFL

13 dekabr kuni Liga bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashdi. Unda yangi tashkil etilayotgan "Guliston" klubining Liga bayrog‘i ostidagi musobaqalarda ishtirok etish masalasi muhokama qilindi.

Avvalroq Erkinjon Turdimov mazkur masalani amaliyotga tatbiq etish borasida viloyat Kasaba uyushmasiga rahbarlik qilayotgan Oybek Ashurmatov bilan suhbatlashgan bo‘lib, shu asnoda Oybek Shodmonqulovich Liga ofisiga tashrif buyurgandi. Qayd etish kerak, Ashurmatov Sirdaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat olib borgan davrda "Guliston" klubi 2013 yilgi mavsumni Oliy ligada o‘tkazgandi.

"Guliston" klubi Sirdaryo viloyati futbol assotsiatsiyasi qoshida tashkil etiladi. U 2026 yilgi mavsumda Liga a'zoligiga qabul qilinishi va ilk mavsumni Birinchi ligada o‘tkazishi masalasi Erkinjon Turdimov bilan uchrashuvda kelishib olindi. Bu yo‘lda har qanday masala bosqichma-bosqich amalga oshirilishi maqsadga muvofiq ekani ta'kidlab o‘tildi.

Sir emaski, Birinchi ligada Sirdaryo viloyati sharafini ikki mavsumdan buyon viloyat futbol akademiyasining sport klubi himoya qilib kelmoqda va u o‘zining uy uchrashuvlarini Yangiyer shahrida o‘tkazadi. "Guliston" klubi ham Guliston shahridagi stadion Liga tomonidan qabul qilib olinguniga qadar Yangiyerdagi stadiondan foydalanishi rejalashtirilgan.

Erkinjon Oqbo‘tayevich mamlakat futboli rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan inson sifatida Liga tomonidan qadrlanadi. Navoiy, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida hokim bo‘lib ishlagan vaqtida Turdimov "Qizilqum", "Surxon", "Dinamo" kabi klublardagi islohotlarga bevosita sababchi bo‘lgan.

Ikki yarim yil muqaddam tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvdan so‘ng Samarqanddagi "Dinamo" stadioni maydoni to‘liq ta'mirdan chiqarilib, uning drenaj va sug‘orish tizimi, maysasi Superliga talablariga moslangan, maydon atrofi rezina qoplama bilan o‘ralgan, shuningdek, stadion texnik zonasida yana bir qator ishlar amalga oshirilgandi. Ishonamizki, yana bir necha oylardan so‘ng "Guliston"da ham Liga talabiga javob beradigan stadion muxlislarni qabul qila boshlaydi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting