Gulistondagi stadion 16 ming muxlisga mo‘ljallab ta’mirlanmoqda
2026 yilning ikkinchi yarmida yurtimizda yana bir yangi stadion qad rostlaydi. Kecha — 13 dekabr sanasida Liga ishchi guruhi Guliston shahrida bo‘lib, ushbu stadion loyihasi bilan yaqindan tanishdi.
12 dekabr kuni Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov arenaga tashrif buyurib, unda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalarni belgilab bergan edi. Bu borada Liga talablari inobatga olinishi, tashkilot ishchi guruhi bilan hamkorlikda faoliyat olib borish muhimligini ta’kidlab o‘tdi. 13 dekabr kungi uchrashuvdan so‘ng amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Liga, eng avvalo, qurilish jarayonida teletanslyatsiyalar masalasi e’tiborga olinishi lozimligini muhokama qildi. Bu yerda kamera platformalari qanday joylashtirilishi, qurilish davomida kabel tizimlari sifatli o‘tkazilishi, Gulistonga katta futbolning ehtimoliy qaytishi hisobga olinib, VAR xonasining qanday ishlashi, ko‘chma televidenie stansiyalarining joylashuv nuqtalari kelishildi.
Shuningdek, stadionda media tribuna qurish, matbuot anjumanlari, sharhlovchilar xonasi, texnik zona qanday ko‘rinishda bo‘lishi kabi masalalarda ham fikr almashildi. Stadion maydonida drenaj va sug‘orish tizimi to‘liq yakunlangan, ishning ushbu va keyingi — maydonni parvarishlashgacha bo‘lgan bosqichi uchun Farg‘onadagi "Istiqlol" stadionini parvarishlayotgan mutaxassislar jalb etilgani e’tiborga molik.
Gulistondagi stadion 16 ming muxlis uchun mo‘ljallangan bo‘lib, maydon perimetri bo‘ylab to‘rt tomondan tribunalar joylashadi, faqat texnik zona tomonidagisi yangidan quriladi. Stadionga zamonaviy tablo o‘rnatiladi, yoritish tizimi to‘liq qayta demontaj qilinishi rejalashtirilgan. Loyiha 2026 yilning ikkinchi yarmida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Ungacha "Guliston" klubi raqiblarini Yangiyerda qabul qiladi.