Gruziyalik legioner “Burgutlar” aʼzosiga aylandi
Yangi mavsum uchun tarkibini sezilarli darajada kuchaytirishni maqsad qilgan jamoamiz navbatdagi transferga qoʻl urdi.
Bu safar gruziyalik tajribali tayanch yarim himoyachisi Aleksandr Andronikashvili bilan kelishuvga erishildi.
"Oxirgi ikki yarim mavsumni Gruziya Erovnuli (bizni Superligamiz kabi) ligasida “Dila” safida oʻtkazgan futbolchi 2026-yilgi mavsumdan “Andijon” sharafini himoya qiladi.
Andronikashvili 1999-yilning 9-aprel sanasida Gruziyaning Tiflis shahrida tavallud topgan.
U faoliyatini asosan Gruziya chempionatida oʻtkazgan boʻlib, bungacha “FS 35”, “Lokomotiv” (Tbilisi), “Shukura” va “Dila” klublarida toʻp surgan.
Gruziyalik yarim himoyachi bu yil chempionatda “Dila” safida 33 ta oʻyinda maydonga tushdi va 8 ta gol urdi. Bundan tashqari, ushbu mavsumda u UYEFA Konfrensiyalar ligasi (4 oʻyin, 1 gol), “David Kipiani” Kubogi (3 oʻyin, 1 gol) va Gruziya Superkubogida (2 oʻyin, 1 gol) ham qatnashgan.
Futbolchi “Dila” bilan birga mamlakat Kubogi hamda Superkubogini qoʻlga kiritdi.
Ishonamizki, Andronikashvili 2026-yilgi mavsumda oʻzining ajoyib oʻyinlari bilan jamoamizning gʻalabalariga oʻz hissasini qoʻshadi.
Aleksandr, “Andijon”ning ahil oilasiga xush kelibsan!",-deb yoziladi klub rasmiy sahifasida.