locale OZ

«Gʻazalkent» Pro liga uchun talab etilgan hujjatlarni rasmiylashtirdi

Gʻazalkent shahriga katta futbol qaytadi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
«Gʻazalkent» Pro liga uchun talab etilgan hujjatlarni rasmiylashtirdi
Фото: Ғазалкент ПФК

Avvalroq "Gʻazalkent" Liga aʼzosi boʻlish uchun ariza topshirgan boʻlib, klubga yangi futbolchilar bilan tuziladigan mehnat shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun MyLeague platformasidan foydalanish huquqi taqdim etilgandi.

Keyingi qadam sifatida "Gʻazalkent" Boʻstonliq tumanida joylashgan futbol stadioniga investitsiya kiritish orqali, undan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida foydalanish yuzasidan ariza topshirdi. Mazkur bosqichda klub stadionni kapital taʼmirdan chiqarish boʻyicha smeta xarajatlarini ishlab chiqib, uning moliyalashtirish manbalari boʻyicha oʻz rejasini tasdiqlab ulgurgan. Endilikda klub Sport vazirligi bilan hamkorlikda belgilangan tartibda stadiondan foydalanish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini boshlagan. Amaldagi qonunchilik hujjatlaridan kelib chiqqan holda, tegishli masalalar toʻliq hal etilsa, Gʻazalkentdagi stadionda qurilish va taʼmirlash ishlari start oladi. Klub rejasiga koʻra, barcha masala oʻz vaqtida ijobiy yakun topsa, yangi qiyofadagi stadion shu yilning ikkinchi yarmiga qadar tayyor boʻladi va Gʻazalkent shahriga katta futbol qaytadi.

Shuningdek, Assotsiatsiyaning amaliy koʻmagi bilan "Gʻazalkent" futbol klubi hamda Toshkent viloyati futbol maktabi oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi 115-sonli qarori asosida amalga oshirilayotgan mazkur qadamlar sabab, endilikda Toshkent viloyatining turli hududlarida "Gʻazalkent" futbol klubi maktabining filiallari bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Oʻz navbatida, klub sakkiz yosh toifasi boʻyicha 25 nafardan kam boʻlmagan futbolchilarni Liga roʻyxatidan oʻtkazishni boshlaydi.

Ayni vaqtda "Gʻazalkent" klubi Turkiyada tashkil etilayotgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etayotgan boʻlib, uning yillik xarajatlar smetasi Liga roʻyxatidan oʻtkazilgan. 2026 yil davomida klub oʻzining stadioni, bazasi va talab darajasidagi futbol maktabi mavjud boʻlgan loyihaga aylanishi koʻzda tutilgan. Rejaga koʻra, keyingi yillarda klub OFK litsenziyalash jarayonlariga sinov tariqasida jalb etiladi.

Klub smetasi, stadionni toʻliq taʼmirlash xarajatlari xususiy investisiyalar hisobidan amalga oshirilayotgani, uning strategiyasi va bolalar futbolini yanada rivojlantirishga boʻlgan yondashuvini inobatga olib, Liga "Gʻazalkent" futbol klubini Pro liga ishtirokchilari safiga qabul qilishni maqsadga muvofiq deb topdi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting